
JIDU professori Alisher Fayzullaev Oksford universitetida faoliyat boshladi
JIDU professori Alisher Fayzullaev Oksford universitetida faoliyat boshladi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) professori Alisher Fayzullaev Oksford universitetining Uzluksiz ta’lim departamenti (Department for Continuing Education) doirasidagi Diplomatiya asoslari (Foundations of Diplomacy) dasturida diplomatik amaliyot koordinatori (Diplomatic Practice Co-ordinator) sifatida faoliyat boshladi.
Mazkur lavozimga tayinlash tanlov natijalari asosida amalga oshirildi. Yangi lavozimida professor Fayzullaev diplomatik amaliyot bo‘yicha qator kurslarda dars beradi va ularga akademik rahbarlik qiladi, o‘quv dasturini yanada rivojlantirishda ishtirok etadi, diplomatik simulyatsiyalar va rolli mashqlarni ishlab chiqadi va o‘tkazadi, xalqaro tashkilotlar, elchixonalar va tahlil markazlari bilan aloqalarni qo‘llab-quvvatlaydi va rivojlantiradi, shuningdek, Buyuk Britaniya va xorijda ta’lim tashriflarini tashkil etishda ishtirok etadi.
Ushbu faoliyatning muhim jihatlaridan biri akademik ta’limni amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim bilan uyg‘unlashtirish bo‘lib, bu talabalarga olgan bilimlarini modellashtirilgan professional vaziyatlarda qo‘llash imkonini beradi.
“Men Oksford universitetida professional faoliyatimning yangi bosqichini boshlayotganimdan mamnunman hamda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan talabalar va hamkasblar bilan ishlashni kutmoqdaman. Shu bilan birga, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetidagi akademik faoliyatimni davom ettiraman”, — dedi professor A. Fayzullaev.
JIDU uchun professor-o‘qituvchilarining xalqaro akademik faoliyati universitet hamjamiyatini rivojlantirish hamda dunyoning yetakchi universitetlari bilan professional va ta’lim aloqalarini mustahkamlashning muhim tarkibiy qismidir.
Professor Fayzullaevning Oksford universitetidagi faoliyati diplomatiyani o‘qitish, amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim va xalqaro munosabatlar sohasida bo‘lajak mutaxassislarni tayyorlashning zamonaviy yondashuvlarini o‘zaro almashish uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor Alisher Fayzullaevni yangi lavozimga tayinlangani bilan tabriklaydi hamda uning xalqaro miqyosdagi akademik va pedagogik faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaydi.



