
Xalqaro tajriba va yangicha yondashuvlar: JIDUda media soha yetakchi mutaxassislarining mahorat darsi bo‘lib o‘tdi
Xalqaro tajriba va yangicha yondashuvlar: JIDUda media soha yetakchi mutaxassislarining mahorat darsi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 26-avgust kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Müller & Schindler” (Avstriya) nashriyoti prezidenti Sharlotta Kramer hamda “Blue Planet TV Production GmbH” (Germaniya) kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Viland Sharf ishtirokida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Tadbir yetakchi xalqaro OAV, nashriyot uylari, telekompaniyalar, hujjatli kino ijodkorlari, ilmiy va ekspert doiralar vakillarini birlashtirgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar” nomli xalqaro mediaforum doirasida tashkil etildi.
24–29-avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tayotgan ushbu xalqaro forum islom sivilizatsiyasining boy ilmiy, madaniy va ma’naviy merosini jahon ommasiga taqdim etishning zamonaviy usullarini izlashga qaratilgan. Unda hujjatli kino, televideniye, nashriyot loyihalari, raqamli platformalar, sun’iy intellekt va boshqa zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mahorat darsi davomida Sharlotta Kramer “Müller & Schindler” nashriyotining faoliyati, uning xalqaro tajribasi hamda noyob madaniy merosni asrab-avaylash va ommalashtirishda faksimile nashrlarning ahamiyati haqida so‘zlab berdi. Nashriyot ko‘p yillardan buyon tarixiy qo‘lyozmalar va nodir hujjatlarni asl nusxaga imkon qadar yaqin tarzda qayta tiklash, ularni saqlash hamda keng ilmiy va madaniy muomalaga kiritish ustida ish olib bormoqda.
Nashriyotning o‘zbekistonlik hamkorlar bilan aloqalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. 2017-yildan beri “Müller & Schindler” O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan bir qator yirik loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etib kelmoqda. Katta Langar Qur’oni, Husayn Boyqaroning “Devon”i, “Zafarnoma”, “Temur tuzuklari” va boshqa noyob qo‘lyozma yodgorliklarning faksimile nashrlari shular jumlasidandir.
O‘z navbatida, Viland Sharf “Blue Planet TV Production GmbH” kompaniyasining televizion mahsulotlar yaratish va hujjatli kontent sohasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Kompaniya tomoshabinlarni turli mamlakat va mintaqalarning madaniyati, tarixi hamda sayyohlik salohiyati bilan tanishtiradigan trevel-reportajlar, hujjatli dasturlar va teleformatlar yaratishga ixtisoslashgan. Faoliyati davomida kompaniya ko‘plab xalqaro loyihalar va teledasturlarni amalga oshirgan.
Xalqaro media va prodakshn kompaniyalar faoliyatining amaliy jihatlari – noyob voqealarni izlash va media mahsulot konsepsiyasini shakllantirishdan tortib, ularni keng auditoriyaga taqdim etishning zamonaviy formatlarini tanlashgacha bo‘lgan jarayonlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, mehmonlar O‘zbekiston haqidagi taassurotlari bilan bo‘lishar ekan, uning boy tarixiy va madaniy merosini, an’ana va zamonaviylikning o‘ziga xos uyg‘unligini hamda mamlakatning xalqaro nashriyot, televideniye va madaniy-media loyihalari uchun ulkan salohiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
Mahorat darsi jahon media sanoati vakillari va JIDU talabalari o‘rtasida kasbiy muloqot va xalqaro tajriba almashish uchun muhim maydon bo‘ldi. Ishtirokchilar nafaqat xorijiy ekspertlarning kasbiy tajribasi bilan tanishish, balki zamonaviy media, madaniy diplomatiya va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish imkoniyatiga ham ega bo‘ldilar.
Xalqaro mediaforum doirasida bunday uchrashuvlarning o‘tkazilishi kasbiy aloqalarni kengaytirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda global axborot makonida O‘zbekistonning tarixiy va madaniy merosini samarali taqdim eta oladigan yangi avlod mutaxassislarini shakllantirishga xizmat qiladi.




