
JIDU rektori Belgiya elchisi bilan uchrashuv oʻtkazdi
JIDU rektori Belgiya elchisi bilan uchrashuv oʻtkazdi

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev Belgiya Qirolligining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Matias Kende bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Belgiya oʻrtasidagi munosabatlarning bugungi holati hamda parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Erishilgan kelishuvlarning oʻz vaqtida va sifatli ijrosini taʼminlashda parlamentlarning oʻrni muhim ekani alohida qayd etildi. Parlamentlararo munosabatlarni kengaytirish, hamkorlik boʻyicha guruhlar va parlament qoʻmitalari oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Belgiya kompaniyalarining Oʻzbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirish, texnologiyalar transferi va mutaxassislar tayyorlashni nazarda tutuvchi sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, ikki davlatning oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, Oʻzbekiston va Belgiya universitetlari oʻrtasida qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish, professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvini rivojlantirish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlarida hamkorlikni kuchaytirish istiqbollari qayd etildi.




