
“Yosh diplomat – 2026” ishtirokchilari Senat faoliyati va parlament diplomatiyasi bilan yaqindan tanishdi
“Yosh diplomat – 2026” ishtirokchilari Senat faoliyati va parlament diplomatiyasi bilan yaqindan tanishdi

Joriy yilning 16-iyul kuni Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi aʼzolari Yoshlar kuni doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tomonidan tashkil etilgan “Yosh diplomat – 2026” yozgi oromgoh maktabi ishtirokchilari bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.
Mazkur uchrashuv yoshlarning parlament faoliyati, qonun ijodkorligi jarayoni hamda parlament diplomatiyasining zamonaviy yo‘nalishlari haqidagi bilimlarini boyitish, ularning davlat boshqaruvi va xalqaro munosabatlarga oid dunyoqarashini kengaytirishga qaratildi.
Muloqot davomida Senatning konstitutsiyaviy vakolatlari, parlament nazoratining o‘rni, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda parlament diplomatiyasining ahamiyati, shuningdek, yoshlarning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni va liderlik salohiyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan Senat a’zolariga murojaat qilib, davlat boshqaruvi, xalqaro munosabatlar va diplomatiya sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Ochiq muloqot yoshlarga amaliy tajriba almashish, siyosiy-huquqiy bilimlarini mustahkamlash hamda kelgusidagi kasbiy faoliyatiga oid muhim tavsiyalar olish imkonini berdi.
Ta’kidlash joizki, JIDU tomonidan an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan “Yosh diplomat” yozgi oromgoh maktabi iqtidorli yoshlarning diplomatik tafakkurini rivojlantirish, xalqaro munosabatlar sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda ularni kelajakda malakali mutaxassis sifatida shakllantirishga xizmat qilmoqda.



