
JIDU Yuridik klinikasida “Yoshlar va huquqiy ong” mavzusida Ochiq eshiklar kuni bo‘lib o‘tdi
JIDU Yuridik klinikasida “Yoshlar va huquqiy ong” mavzusida Ochiq eshiklar kuni bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 5-iyul sanasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Yuridik klinikasida “Yoshlar va huquqiy ong” mavzusiga bag‘ishlangan Ochiq eshiklar kuni tadbiri muvaffaqiyatli tashkil etildi. Tadbir mahallalar yoshlari o‘rtasida huquqiy savodxonlikni oshirish va aholining huquqiy ongi darajasini yuksaltirishga qaratilgan muhim platforma vazifasini o‘tadi.
Tadbirda JIDU Yuridik klinikasi direktori Z.S.Ubaydullayev, JIDU Yoshlar ishlari ofisi mutaxassislari S.Tillaxodjayeva va A.Raxmatullayev, “Xalqaro huquq” fakulteti tyutori A.Nasimjonov, JIDU Yuridik klinika a‘zo talabalari, hamda, Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Avayxon, Yangi Avayxon, Olmachi, Yangi Olmachi, Ijodkor, Geologchilar, Geofizika, Asaka mahallalarida istiqomat qiluvchi fuqarolar va mahalla vakillari ham tashrif buyurib, ochiq muloqotda faol ishtirok etdilar.
Ochiq eshiklar kuni doirasida “Yoshlar va huquqiy ong” mavzusi atrofida bir nechta dolzarb mavzularda qizg‘in muhokamalar va fikr almashinuvlar bo‘lib o‘tdi. Xususan, quyidagi mavzularga alohida e’tibor qaratildi:
Kiberjinoyatchilik: zamonaviy tahdidlar va himoya yo‘llari. Bugungi raqamli davrda kiberxavfsizlikning ahamiyati va kiberjinoyatlardan himoyalanish choralari batafsil muhokama qilindi;
Korrupsiyaga qarshi kurashish: ochiqlik, shaffoflik va qonun ustuvorligi tamoyillari. Korrupsiyaning oldini olish, shaffoflikni ta’minlash va qonun ustuvorligini mustahkamlash masalalari yuzasidan ochiq muloqot olib borildi;
Voyaga yetmagan qizlar huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalari. Voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha mavjud muammolar va yechimlar ko‘rib chiqildi.
JIDU Yuridik klinikasi a‘zolari va mahallalar fuqarolari o‘rtasida o‘tkazilgan ochiq muloqotlar ishtirokchilarga o‘z fikrlarini erkin bildirish, savollariga javob olish va huquqiy maslahatlarga ega bo‘lish imkoniyatini yaratdi. Tadbir yoshlar va aholining huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ularni zamonaviy tahdidlardan himoyalanish yo‘llari bilan tanishtirishda muhim qadam bo‘ldi.
JIDU Yuridik klinikasi kelajakda ham bu kabi tadbirlarni muntazam ravishda tashkil etishni rejalashtirgan bo‘lib, bu orqali jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga o‘z hissasini qo‘shishda davom etadi.