Peruja Chet elliklar universitetida “O‘zbekiston kuni” madaniy-ma’rifiy tadbiri o‘tkazildi

Peruja Chet elliklar universitetida “O‘zbekiston kuni” madaniy-ma’rifiy tadbiri o‘tkazildi

    Peruja Chet elliklar universitetida “O‘zbekiston kuni” madaniy-ma’rifiy tadbiri o‘tkazildi

    Peruja Chet elliklar universitetida “O‘zbekiston kuni” madaniy-ma’rifiy tadbiri o‘tkazildi

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) hamda Italiyaning nufuzli Peruja Chet elliklar universiteti (University for Foreigners of Perugia) o‘rtasidagi hamkorlik doirasida JIDUning Yevropa va turkiy tillar kafedrasi italyan tili o‘qituvchisi Muborak Madraximova hamda universitetning 3-bosqich talabalari Peruja shahrida tashkil etilgan yozgi malaka oshirish va akademik almashinuv dasturida ishtirok etmoqda.

    Mazkur hamkorlik doirasida JIDU va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tashabbusi bilan Peruja Chet elliklar universitetida “O‘zbekiston kuni” madaniy-ma’rifiy tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi.

    Tadbirni Peruja Chet elliklar universiteti rektori, professor Valerio De Cesaris ochib berib, o‘z nutqida O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, ta’lim, madaniyat va iqtisodiyot sohalaridagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi. Tadbirning asosiy maqsadi Italiya va xalqaro akademik hamjamiyat vakillari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalarni O‘zbekistonning boy tarixi, milliy qadriyatlari, madaniy merosi va mehmondo‘stlik an’analari bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

    Tadbir doirasida o‘zbek milliy liboslari namoyishi, milliy hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmasi tashkil etildi hamda mehmonlarga o‘zbek milliy taomlari, jumladan, palov, somsa va boshqa an’anaviy taomlar tortiq qilindi. Shuningdek, ishtirokchilar o‘zbek milliy kuy-qo‘shiqlari va raqs dasturlaridan bahramand bo‘lib, mamlakatimizning boy musiqa va san’at merosi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Milliy madaniyatimizni aks ettirgan badiiy chiqishlar tadbir mehmonlarida katta taassurot qoldirdi.

    “O‘zbekiston kuni” madaniy-ma’rifiy tadbiri O‘zbekiston va Italiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi akademik hamkorlikni yanada mustahkamlash, talabalar va yoshlar o‘rtasida madaniyatlararo muloqot hamda do‘stona aloqalarni rivojlantirishga xizmat qildi.