
JIDU talabalari va professor-o‘qituvchilari Fransiyada xalqaro o‘quv amaliyotida ishtirok etmoqda
JIDU talabalari va professor-o‘qituvchilari Fransiyada xalqaro o‘quv amaliyotida ishtirok etmoqda

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, talaba va professor-o‘qituvchilarning fransuz tili bo‘yicha kompetensiyalarini rivojlantirish hamda akademik mobillik imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi amaliy ishlarning navbatdagi bosqichi sifatida Fransiyaning Nitsa shahridagi Frankofoniya instituti — Institut de la Francophonie bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik doirasida JIDU talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun o‘quv amaliyot dasturi boshlandi.
Dasturda universitetning 28 nafar talabasi hamda 3 nafar professor-o‘qituvchisi ishtirok etmoqda. 2026-yil 6-iyul kuni rasman boshlangan o‘quv amaliyotining dastlabki kunlarida ishtirokchilar uchun tanishtiruv va moslashuv tadbirlari tashkil etildi.
Ilk mashg‘ulotlar davomida Frankofoniya instituti rahbariyati va professor-o‘qituvchilari tomonidan ishtirokchilarga institut faoliyati, o‘quv jarayoni, ta’lim metodikasi, akademik talablar hamda dasturning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, JIDU vakillari institut jamoasi bilan tanishtirilib, kelgusi haftalarda amalga oshiriladigan ta’limiy va madaniy dasturlar yuzasidan zarur tavsiyalar oldilar.
Mazkur o‘quv amaliyot dasturi ishtirokchilarning fransuz tilidagi kommunikativ kompetensiyasini yanada rivojlantirish, xalqaro akademik muhitda tajriba orttirish hamda Fransiyaning ta’lim va madaniy hayoti bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Shuningdek, hamkorlik doirasida tomonlar o‘rtasida memorandum imzolanishi ham nazarda tutilgan.
Dastur davomida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, shuningdek, xalqaro akademik hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan uchrashuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.



