JIDUda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari masalalariga bag‘ishlangan mahorat darsi tashkil etildi

JIDUda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari masalalariga bag‘ishlangan mahorat darsi tashkil etildi

    JIDUda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari masalalariga bag‘ishlangan mahorat darsi tashkil etildi

    JIDUda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari masalalariga bag‘ishlangan mahorat darsi tashkil etildi

    2026-yil 23-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro huquq” fakulteti, “Xalqaro huquq va ommaviy huquq fanlari” kafedrasi tomonidan “Inson huquqlari” o‘quv fani doirasida XIM fakulteti 3-bosqich talabalari uchun “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari: Xalqaro standartlar va milliy amaliyot” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi.

    Tadbirda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining “Ijtimoiy ish” kafedrasi dotsenti, sotsiologiya fanlari doktori (DSc), O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisining strategik rejalashtirish bo‘yicha o‘rinbosari, nogironlik masalalari bo‘yicha xalqaro ekspert Abdullo Abduhamitovich Abduxalilov ma’ruza bilan ishtirok etdi.

    Mahorat darsi davomida Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning asosiy qoidalari, jumladan kamsitmaslik, teng imkoniyatlar, ochiqlik va inklyuziya tamoyillari atroflicha ko‘rib chiqildi. Shuningdek, maqbul moslashtirishni ta’minlash, qulay va to‘siqsiz muhit yaratish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ma’ruzachi ushbu sohadagi zamonaviy yondashuvlarni huquqiy, ijtimoiy va institutsional jihatlar nuqtayi nazaridan kompleks tahlil qilib, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlashda multidisiplinar yondashuv muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

    Tadbirning amaliy qismida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq vaziyatlar (keyslar) tahlil qilindi va ularni himoya qilish mexanizmlari, jumladan milliy institutlar hamda xalqaro tartibotlar muhokama etildi. Talabalar muhokamalarda faol ishtirok etib, inson huquqlari sohasidagi bilimlarini chuqurlashtirishga katta qiziqish bildirdilar. Tadbir yakunida ishtirokchilar olingan bilimlarning kelajakdagi kasbiy faoliyat uchun amaliy ahamiyatini alohida ta’kidladilar.