JIDUda PF–98-sonli Prezident Farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan metod seminar bo‘lib o‘tdi

JIDUda PF–98-sonli Prezident Farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan metod seminar bo‘lib o‘tdi

    JIDUda PF–98-sonli Prezident Farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan metod seminar bo‘lib o‘tdi

    JIDUda PF–98-sonli Prezident Farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan metod seminar bo‘lib o‘tdi

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Metodologik kengashi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi PF–98-sonli “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyatga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

    Seminar professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar hamda ilmiy tadqiqotchilar ishtirokida tashkil etilib, unda mamlakatimizda ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy tadqiqotlarni amaliyot bilan integratsiya qilish va attestatsiya jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

    Tadbirni Oliy Majlis Seanti raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Baxtiyorovich Rajabov PF–98-sonli Farmonning oliy ta’lim va ilmiy kadrlar tayyorlash tizimidagi ahamiyati haqida ma’ruza qildi.

    Seminarning asosiy ma’ruzasi JIDU ilmiy tadqiqot va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Timur Dadaboyev tomonidan taqdim etildi. Ma’ruzada “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish: JIDU oldidagi vazifalar va imkoniyatlar” mavzusi atroflicha yoritildi.

    Taqdimot davomida universitetda ilmiy salohiyatni oshirish, xalqaro ilmiy nashrlarda maqolalar chop etish, professor-o‘qituvchilarning tadqiqot faoliyatini tizimli qo‘llab-quvvatlash hamda fakultetlar negizida samarali tadqiqot guruhlarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

    Xususan, sinov bosqichida har bir fakultetda bittadan tadqiqot guruhi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Mazkur guruhlar Xalqaro munosabatlar, Xalqaro iqtisodiyot va menejment hamda Xalqaro huquq yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat yuritadi. Har bir guruh 10 nafar JIDU professor-o‘qituvchisi va 1 nafar xalqaro mentor — yetakchi ekspertdan iborat bo‘lishi nazarda tutilgan.

    Seminarda tadqiqot guruhlari faoliyati natijasida birinchi yil davomida har bir guruhdan 1–2 ta kuchli Scopus indeksli maqola tayyorlash, keyingi bosqichlarda esa Q1 darajadagi nashrlarga erishish, barqaror ilmiy nashrlar zanjirini shakllantirish hamda ushbu modelni institutsional asosda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

    Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan Farmon ijrosini ta’minlash, ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash va universitet ilmiy maktablarini rivojlantirish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.

    Mazkur metod seminar JIDUda ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish, xalqaro akademik maydondagi ishtirokni kengaytirish hamda yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash borasidagi tizimli ishlarning muhim bosqichi bo‘ldi.