
JIDUda “Ma’muriy huquq islohoti: hayot yo‘li” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi
JIDUda “Ma’muriy huquq islohoti: hayot yo‘li” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

2026-yil 22-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Ma’muriy huquq islohoti: hayot yo‘li” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Yuridik fanlar doktori, professor Isa Ahlimanovich Xamedov xotirasiga bag‘ishlangan tadbir davlat hokimiyati va sud organlari, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, olimning hamkasblari, shogirdlari va oila a’zolarini birlashtirdi.
Davra suhbatini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev ochib berdi. U ma’muriy huquqning samarali davlat boshqaruvini ta’minlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi muhim o‘rnini ta’kidladi. Shuningdek, professor Isa Xamedovning O‘zbekistonda zamonaviy ommaviy huquq maktabini shakllantirish, yuridik ta’limni rivojlantirish va yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qo‘shgan beqiyos hissasini alohida qayd etdi.
Tadbirda Toshkent davlat yuridik universiteti rektori, yuridik fanlar doktori, professor Baxshillo Xodjayev ma’ruza qilib, Isa Xamedovning milliy yuridik fan va oliy ta’lim tizimidagi ko‘p yillik samarali faoliyatiga yuksak baho berdi. Professor ellikdan ortiq fan doktori va falsafa doktori (PhD)ni tarbiyalagan nufuzli ilmiy maktab asoschisi sifatida e’tirof etildi. Tadbir davomida unga “Toshkent davlat yuridik universitetining faxriy professori” unvoni berilgani e’lon qilinib, tegishli guvohnoma olimning oila a’zolariga tantanali ravishda topshirildi.
Davra suhbati doirasida O‘zbekistondagi ma’muriy-huquqiy islohotlarning bugungi holati va istiqbollari, so‘nggi yigirma yilda amalga oshirilgan o‘zgarishlar, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning yangi tahriri loyihasi hamda sudgacha bo‘lgan ma’muriy adliya tizimini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonunning davlat boshqaruvida shaffoflikni ta’minlash, halol boshqaruv mexanizmlarini mustahkamlash va korrupsiyaning oldini olishdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalar yakunida ilmiy hamjamiyat, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Professor I.A. Xamedov tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan “Xamedov o‘qishlari – 2027” an’anaviy ilmiy konferensiyasini tashkil etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Tadbir JIDUda professor Isa Ahlimanovich Xamedov nomidagi auditoriyaning tantanali ochilishi bilan yakunlandi.




