JIDUda sport diplomatiyasi: Pokiston Elchixonasi bilan do‘stona futbol uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

JIDUda sport diplomatiyasi: Pokiston Elchixonasi bilan do‘stona futbol uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

    JIDUda sport diplomatiyasi: Pokiston Elchixonasi bilan do‘stona futbol uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

    JIDUda sport diplomatiyasi: Pokiston Elchixonasi bilan do‘stona futbol uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

    Joriy yilning 7-iyul kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida sport diplomatiyasini rivojlantirish hamda O‘zbekiston va Pokiston yoshlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash maqsadida Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Elchixonasi vakillari ishtirokida rasmiy uchrashuv va do‘stona futbol o‘yini tashkil etildi.

    Tadbirda universitet rahbariyati sportning xalqlar va madaniyatlarni yaqinlashtirishdagi beqiyos ahamiyatini alohida ta’kidladi. Qayd etilganidek, sport til, madaniyat va chegaralarni tan olmaydi, balki insonlarni o‘zaro hurmat, jamoaviy hamkorlik va anglashuv ruhida birlashtiradi. Futbol maydonida jamoalar raqobatlashsa-da, uning eng katta g‘olibi doimo do‘stlik bo‘lib qoladi.

    Uchrashuv davomida joriy yil O‘zbekiston sporti tarixida muhim o‘rin tutayotgani alohida qayd etildi. Xususan, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor FIFA World Cup 2026 musobaqasiga yo‘llanma olgani katta faxr bilan e’tirof etildi. Mazkur tarixiy yutuq mamlakatimizdagi millionlab yoshlar uchun ilhom manbai bo‘lib, birdamlik, qat’iyat va tinimsiz mehnat orqali yuksak marralarga erishish mumkinligini yana bir bor namoyon etdi.

    O‘z navbatida, Pokiston Elchixonasi vakillari O‘zbekiston xalqini ushbu tarixiy muvaffaqiyat bilan samimiy muborakbod etib, ezgu tilaklarini bildirdilar. Shuningdek, ular Pokistonda ishlab chiqarilgan “Trionda” futbol to‘pini universitet jamoasiga ramziy sovg‘a sifatida taqdim etdilar.

    JIDU sport maydonida o‘tkazilgan mazkur do‘stona futbol uchrashuvi ikki mamlakat yoshlari o‘rtasidagi xalq diplomatiyasi va do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Tadbir yakunida tomonlar sport, madaniy-gumanitar va yoshlar almashinuvi yo‘nalishlaridagi qo‘shma tadbirlarni muntazam tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.