
JIDUda “Ideathon: made in Uzbekistan 2035” mavzusida intellektual g‘oyalar tanlovi bo‘lib o‘tdi
JIDUda “Ideathon: made in Uzbekistan 2035” mavzusida intellektual g‘oyalar tanlovi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 19-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetida (JIDU) "Xalqaro investitsiya huquqi" fani doirasida “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari” kafedrasi o‘qituvchisi Solixa Abduraximova tashabbusi bilan "Jahon iqtisodiyoti" va "Xalqaro iqtisodiy munosabatlar" yo‘nalishlarining 4-bosqich talabalari o‘rtasida “IDEATHON: Made in Uzbekistan 2035 — What should Uzbekistan produce for the world?” mavzusida intellektual g‘oyalar tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqa davomida 2035-yilga borib O‘zbekiston xalqaro bozorlarda muvaffaqiyatli rivojlantirishi va sotishi mumkin bo‘lgan yagona mahsulot, xizmat yoki sanoat yo‘nalishi modelini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy topshiriqlar berildi. 5 ta jamoaga bo‘lingan holda ishtirok etgan talabalar o‘z loyihalarini tayyorlab, savol-javoblar orqali o‘z strategiyalarini himoya qildilar.
Hakam tomonidan g‘oyalarning innovatsionligi va o‘ziga xosligi, xalqaro bozor salohiyati, O‘zbekistonning raqobatbardosh ustunliklari, loyihaning amaliy amalga oshirilishi (ishlab chiqarish, moliyalashtirish, eksport) hamda yaratiladigan iqtisodiy samaradorlik (yangi ish o‘rinlari, investitsiyalar va eksport hajmi) kabi mezonlar asosida loyihalar baholandi.
Ushbu Ideathon Barqaror rivojlanish maqsadlarining 4-maqsadi — “Sifatli ta’lim” g‘oyalariga to‘liq hamohang bo‘lib, talabalarda xalqaro investitsiyalar, tahliliy fikrlash va huquqiy-iqtisodiy strategiyalarni tuzish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni rivojlantiradi. Shuningdek, tadbir 8-maqsad — “Munosib ish o‘rinlari va iqtisodiy o‘sish” hamda 9-maqsad — “Sanoatlashtirish, innovatsiyalar va infratuzilma” tamoyillarini ilgari surib, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan.
| Sana: | 20.09.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 6 |
| Ulashish: |




