
JIDU Qatar bilan diplomatik ta’lim va akademik almashinuv sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
JIDU Qatar bilan diplomatik ta’lim va akademik almashinuv sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

2026-yil 7-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoev Qatar Davlati Tashqi ishlar vazirligi Bosh kotibi Dr. Ahmad Hassan Al-Hammadi bilan uchrashdi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Konfutsiy instituti binosida bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama uchrashuvda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi ta’lim, diplomatik kadrlar tayyorlash, ekspertlar almashinuvi va akademik hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama munosabatlarning yuqori darajasi qayd etilib, universitetlar, ta’lim vazirliklari va diplomatik institutlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Qatar tomoni qo‘shma qisqa muddatli dasturlar, malaka oshirish kurslari va professional treninglarni yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi.
Shuningdek, Qatar Davlatining xalqaro vositachilik va nizolarni hal etish borasidagi tajribasini o‘rganish, mazkur yo‘nalishda maxsus kurslar tashkil etish, ekspertlar almashinuvi va o‘zaro akademik tashriflarni faollashtirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar bunday hamkorlik formatlarini muntazam ravishda tashkil etish muhimligini ta’kidladilar.
Mazkur uchrashuvdan so‘ng S.Safoev “O‘zbekistonda Islom madaniy merosi va uning jahon ilm-fanida tutgan o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida asosiy ma’ruzachilardan biri sifatida ishtirok etdi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro konferensiya Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Qatar Sivilizatsiyalar alyansi qo‘mitasi va Qatar universiteti hamkorligida tashkil etilgan.
Konferensiya O‘zbekistonning boy islomiy va sivilizatsiyaviy merosini chuqur o‘rganish, uning jahon ilm-fani va sivilizatsiyalar taraqqiyotidagi o‘rnini yoritish, shuningdek, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ilmiy-madaniy muloqotni rivojlantirishga qaratilgan. Tadbir doirasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, Buyuk Ipak yo‘li, islom ilmlari va Markaziy Osiyo allomalarining ilmiy merosi bilan bog‘liq masalalar keng muhokama qilinmoqda.
Konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston va Qatar davlat idoralari vakillari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, xalqaro ekspertlar va taniqli olimlar ishtirok etdi. Dasturdan Qatar, Iordaniya, Jazoir, Marokash, Misr, Italiya, Iroq, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlar olimlari hamda ekspertlarining ma’ruzalari o‘rin olgan.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti xalqaro hamkorlikni kengaytirish, diplomatik kadrlar tayyorlash sifatini oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan ilmiy va professional aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni izchil davom ettirmoqda.




