
“Dolzarb 90 kun”: JIDUda ijtimoiy-psixologik mashg‘ulot tashkil etildi
“Dolzarb 90 kun”: JIDUda ijtimoiy-psixologik mashg‘ulot tashkil etildi

2026-yil 1-iyul kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida “Jamoada samarali muloqot, o‘zaro ishonch va ijobiy hamkorlik muhitini shakllantirish: muvaffaqiyatli jamoaning psixologik asoslari” mavzusida ijtimoiy-psixologik interaktiv trening tashkil etildi. Tadbir talabalar o‘rtasida sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish, samarali muloqot madaniyatini rivojlantirish hamda jamoada o‘zaro ishonch va hamkorlik tamoyillarini mustahkamlashga qaratildi.
Treningning kirish qismida universitet psixologi Nargiza Norova ishtirokchilarni mashg‘ulotning mazmuni, maqsadi va ahamiyati bilan tanishtirdi. U samarali muloqot, faol tinglash, empatiya, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan munosabatlarning jamoa rivojidagi muhim o‘rniga alohida e’tibor qaratdi. Yoshlar ishlari ofisi vakili Feruza Ernazarova esa yoshlarning ijtimoiy faolligi, tashabbuskorligi va jamoaviy faoliyatdagi ishtirokining ahamiyati haqida fikr bildirdi.
Treningning amaliy qismi inklyuziya koordinatori Kamola Davlatova tomonidan olib borildi. Talabalar jamoada ishlash, o‘zaro ishonchni mustahkamlash, fikr almashish va kommunikativ ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan interaktiv mashqlarda faol ishtirok etdilar. Mashg‘ulotlar davomida guruhiy psixologik mashqlar, rolli o‘yinlar, muammoli vaziyatlarni tahlil qilish, interaktiv suhbat va refleksiya usullaridan samarali foydalanildi.
Tadbirning tashkiliy jarayonlarida kurs koordinatori, Yoshlar ittifoqi koordinatori hamda universitetning “UWED Force” jamoatchilik guruhi faol qatnashdi. Ularning hamkorligi mashg‘ulotlarni tartibli va yuqori saviyada tashkil etish, talabalar bilan samarali ishlash hamda trening davomida ijobiy va do‘stona muhit yaratishga xizmat qildi.
Trening yakunida talabalar samarali muloqot qilish, faol tinglash, jamoada ishlash va o‘zaro fikr almashish ko‘nikmalarini rivojlantirdilar. Shuningdek, ular jamoada ishonch, hurmat va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash muhitini shakllantirish bo‘yicha amaliy tajribaga ega bo‘ldilar. Mashg‘ulotlarda faol ishtirok etgan talabalar Yoshlar ittifoqi tomonidan maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi.




