
JIDUda huquqbuzarliklar profilaktikasi va kiberxavfsizlik bo‘yicha seminar o‘tkazildi
JIDUda huquqbuzarliklar profilaktikasi va kiberxavfsizlik bo‘yicha seminar o‘tkazildi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida universitet rahbariyati va talaba-yoshlar ishtirokida ochiq muloqot hamda ijtimoiy-psixologik profilaktik seminar-trening tashkil etildi. Tadbir yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, psixologik farovonligini mustahkamlash, yozgi ta’til davrini mazmunli tashkil etishga ko‘maklashish hamda talabalar bilan ochiq muloqotni yanada rivojlantirishga qaratildi.
Tadbirda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O. A. Yusupdjanov, universitet rahbariyati vakillari, Mirzo Ulug‘bek tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi mas’ullari, Yoshlar ishlari agentligi mutaxassislari, universitet psixologi Nargiza Norova, professor-o‘qituvchilar, kurs koordinatorlari va talabalar ishtirok etdi. Ochiq muloqot davomida yoshlarning murojaatlari, taklif va tashabbuslari tinglanib, ularni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi. Talabalar bildirgan amaliy ahamiyatga ega fikrlarni qo‘llab-quvvatlash universitet faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi.
Seminarning profilaktik qismida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, jamoat tartibiga rioya etish, ta’til davrida shaxsiy xavfsizlikni ta’minlash hamda zararli illatlardan himoyalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Sherzod Mirzayev giyohvandlik va psixotrop moddalarning salbiy oqibatlari, ularning yoshlar hayoti va salomatligiga tahdidi haqida hayotiy misollar asosida tushuntirishlar berdi.
Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarning oldini olish bo‘limi boshlig‘i, katta leytenant Jamshid Narzullayev kiberjinoyatlar, bank kartalaridan mablag‘larni noqonuniy yechib olish, internet-firibgarlik usullari va ulardan himoyalanish yo‘llari haqida ma’lumot berdi. Talabalarga shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, shubhali havolalardan foydalanmaslik va raqamli xavfsizlik qoidalariga rioya etish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Tadbir universitet psixologi Nargiza Norova tomonidan o‘tkazilgan “Yangi men sari yo‘l: ta’til davrida ichki imkoniyatlarni kashf etish, shaxsiy rivojlanish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish” mavzusidagi interaktiv seminar-trening bilan davom etdi. Mashg‘ulotlarda talabalar o‘z ichki salohiyatini anglash, motivatsiyani mustahkamlash, shaxsiy maqsadlarni aniq belgilash va yozgi ta’tildan unumli foydalanishga qaratilgan amaliy mashqlarni bajardilar.



