
JIDUda “Germaniyada magistratura va PhD dasturlari: Berlin Erkin universiteti misolida” mavzusida seminar o‘tkazildi
JIDUda “Germaniyada magistratura va PhD dasturlari: Berlin Erkin universiteti misolida” mavzusida seminar o‘tkazildi

Joriy yilning 12-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Germaniyada magistratura va PhD dasturlari: Berlin Erkin universiteti misolida” mavzusida seminar tashkil etildi. Seminarni Berlin Erkin Universiteti Sharqiy Yevropa bo‘yicha aloqalar ofisi direktori Tobias A. Stüdemann olib bordi. Tadbir barcha kurs va mutaxassislik talabalari, nemis yoki ingliz tilini biladigan va Germaniyada magistratura yoki doktoranturada o‘qishni davom ettirishni istaganlar uchun mo‘ljallangan edi.
Seminar ikki qismda tashkil etildi. Birinchi qismda Markaziy Osiyodagi bakalavr yoki boshqa mutaxassislik darajasiga ega bo‘lgan talabalar uchun Germaniyada magistratura dasturlariga qabul jarayoni haqida batafsil ma’lumot berildi. Turli magistratura dasturlari, talablar, qabul jarayoni va boshqa kerakli ma’lumotlar tushuntirildi.
Ikkinchi qismda doktorantura imkoniyatlari, rasmiy talablar va mavjud qiyinchiliklar muhokama qilindi. Shuningdek, Berlin Erkin Universiteti Dahlem Research Schooldagi ilmiy faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan professional tayyorlov dasturlari haqida so‘z bordi.
Seminar davomida ishtirokchilar Germaniyada magistratura va doktorantura dasturlarini tanlash jarayoni va qabul qilinganidan keyingi qadamlar bo‘yicha aniq tushunchaga ega bo‘ldilar.
Tadbir doirasida amaliy misollar, dastur turlari bo‘yicha taqqoslashlar va talabalar uchun foydali manbalar bilan tanishish imkoniyati yaratildi. Seminar oxirida ishtirokchilar Tobias A. Stüdemann bilan ochiq muloqot olib, savollariga batafsil javob oldilar.



