
JIDU Zakovat klubi jamoasi respublika miqyosidagi Intellektual haftalikda g‘olib bo‘ldi
JIDU Zakovat klubi jamoasi respublika miqyosidagi Intellektual haftalikda g‘olib bo‘ldi

Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Intellektual haftalik” musobaqasining respublika bosqichida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) Zakovat klubi terma jamoasi talabalari munosib ishtirok etib, 50 dan ortiq universitetlar orasida faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda "Zakovat intellektual klubi" nodavlat notijorat tashkiloti tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, u yoshlarning bilim darajasini oshirish, intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish hamda ijtimoiy faolligini rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazildi.
JIDU jamoasi musobaqaning barcha bosqichlarida faol ishtirok etib, o‘zlarining chuqur bilimlari, tahliliy fikrlash qobiliyati va tezkor qaror qabul qilish ko‘nikmalari bilan ajralib turdi. Ayniqsa, xalqaro iqtisodiy munosabatlar, xalqaro huquq, diplomatiya asoslari, hamda analitik tahlil bo‘yicha yo‘nalishlarda yuqori natijalarga erishildi.
Mazkur natija Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining nafaqat ta’lim sifati, balki yosh avlodda zamonaviy fikrlash va global masalalarni tushunish qobiliyatini shakllantirish borasidagi izchil faoliyatining samarasi ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Bu yuksak natija – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalarining intellektual salohiyati, izchil mehnati va jamoaviy harakati natijasidir.
Universitet jamoasi nomidan musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etgan barcha talaba-yoshlarimizni chin dildan tabriklaymiz! Ularning kelgusida ham shunday yuksak marralarni zabt etishiga tilakdoshmiz.
Bu kabi yutuqlar bizga yana bir bor isbotlaydiki, bilimli, izlanuvchan va vatanparvar yoshlar O‘zbekiston kelajagining hal qiluvchi kuchidir.



