
“Tehron shevasining o‘ziga xos jihatlari” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi
“Tehron shevasining o‘ziga xos jihatlari” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi

Joriy yilning 21-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Eronshunoslik va afg‘onshunoslik oliy maktabining katta o‘qituvchisi, Turkologiya oliy maktabi doktoranti, eronshunos olim Nodir Nuritdinovich Rahmatullayev tomonidan “Tehron shevasining o‘ziga xos jihatlari” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi.
Unda Xalqaro huquq fakultetining 3-bosqich talabalari ishtirok etdi. Tadbir dasturi Tehron shevasining fonetik, leksik va grammatik xususiyatlarini batafsil tahlil qilish orqali nazariy bilimlarni mustahkamlashga hamda ushbu shevaning lingvistik o‘ziga xosliklarini chuqur o‘rganishga qaratildi.
Tadbir davomida ma’ruzachi adabiy fors tili va Tehron shevasi o‘rtasidagi farq, ularning shakllanish omillari, shuningdek, ijtimoiy-madaniy muhitning til taraqqiyotiga ta’siri kabi jihatlarni yoritib berdi. Mutaxassis fonetika va grammatikadagi asosiy o‘zgarishlarni ta’kidlab, muvaffaqiyatli muloqot uchun zarur bo‘lgan maxsus leksika va iboralar qatlamini tanishtirdi.
Ishtirokchilar taklif etilgan mutaxassisga mazmunli ma’ruzasi va noyob amaliy tajribasi uchun samimiy minnatdorchilik bildirdi. Tadbir tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otib, bo‘lajak mutaxassislarning til tayyorgarligini takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.




