
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Renate Winter ishtirokida ma’ruza bo‘lib o‘tdi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Renate Winter ishtirokida ma’ruza bo‘lib o‘tdi

2026-yil 24-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida nufuzli mehmon — Renate Winter, BMT Bola huquqlari qo‘mitasining sobiq raisi hamda UNICEFning bolalar odil sudlovi masalalari bo‘yicha xalqaro konsultanti ishtirokida tadbir tashkil etildi.
Mazkur tashrif UNICEF bilan hamkorlik doirasida amalga oshirilib, bolalar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha xalqaro standartlarni ilgari surishga qaratildi.
Tadbir davra suhbati shaklida o‘tkazilib, unda universitetning Xalqaro Huquq fakulteti 2 va 3-bosqich talabalari ishtirok etdilar. Ma’ruza bolalar uchun odil sudlovni ta’minlash asoslari, xalqaro standartlar va ilg‘or amaliyotlarga bag‘ishlandi.
Tadbirni universitet dekani Serikbek Alpamisovich Murataev hamda Yuridik klinika direktori Ziyodulla Sagdullaevich Ubaydullaev kirish so‘zi bilan ochib berdilar. Ular amaliy yuridik ta’limni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.
Davra suhbatini 4-bosqich talabalari Erkinova Amina va Jalg’asbaeva Gulbaxar olib bordilar. Tadbir doirasida ular Yuridik klinika tomonidan amalga oshirilayotgan “Qaldirg‘och” loyihasini ham taqdim etdilar. Ushbu loyiha aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun huquqiy yordam va xabardorlikni oshirishga qaratilgan.
Uchrashuv davomida talabalar Renate Winter bilan faol muloqot qilib, bolalar uchun odil sudlovga samarali kirishni ta’minlash borasidagi dolzarb masalalarni muhokama qildilar.
Tadbir yakunida mehmonlar uchun Yuridik klinika binosiga kichik ekskursiya tashkil etilib, uning faoliyati va loyihalari bilan yaqindan tanishtirildi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti UNICEF hamda Renate Winterga mazmunli hamkorlik uchun o‘z minnatdorchiligini bildiradi va kelgusida ham o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirishga umid qiladi.



