
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qo‘mitasi yig‘ilishida JIDU talabalari ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qo‘mitasi yig‘ilishida JIDU talabalari ishtirok etdi

Joriy yilning 27-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xalqaro huquq” fakultetining 1-kurs talabalari “Xalqaro huquq va ommaviy-huquqiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchilari Azizova Nigina Muratovna va Xallakova Aziza Baxadirovna bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari bo‘yicha Qo‘mitasi yig‘ilishida ishtirok etdilar.
Yig‘ilish davomida Andijon viloyati hokimiyatining hududda turizmni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar holati yuzasidan, Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida, axboroti tinglandi.
Yig‘ilish ishida senatorlar, mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari raislari, vazirlik va idoralar vakillari, jumladan Turizm qo‘mitasi hamda Andijon viloyati hokimiyati rahbarlari, soha ekspertlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda, shuningdek, taklif etilgan mutaxassis-o‘qituvchilar — yuridik fanlar doktori, professor Adilxo‘jayeva Surayyo Maxkamovna hamda yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Usmanova Surayyo Bultakovna faol ishtirok etib, muhokama qilinayotgan masalalarga o‘zlarining professional hissalarini qo‘shdilar. Xususan, ular tomonidan turizm siyosatini yanada takomillashtirish, hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish, zamonaviy turistik xizmatlarni kengaytirish, shuningdek, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji manfaatlarida barqaror turizmni rivojlantirishga oid takliflar ilgari surildi. O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi vakili tomonidan ularning takliflari inobatga olinib, “Turizmni rivojlantirish konsepsiyasi – 2030”ga kiritilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilish moderatori sifatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari bo‘yicha Qo‘mitasi raisi Agzamxodjayev Alisher Anvarovich ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Andijon viloyatida turizm sohasidagi mavjud infratuzilmani rivojlantirish, ushbu sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, turistik xizmatlar sifatini oshirish, ichki va xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, turizmni jadal rivojlantirishga qaratilgan tizimli yondashuvlarni joriy etish, madaniy meros obyektlari va turistik yo‘nalishlarda turistlar uchun qulay va zamonaviy sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalar davomida senatorlar turizm sohasida xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni faollashtirish, shuningdek, Andijon viloyatining turistik salohiyatini xalqaro ko‘rgazmalar, forumlar va festivallarda keng targ‘ib etish zarurligini ta’kidladilar.
Bundan tashqari, yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan yagona hududiy brendni shakllantirish, kompleks turistik paketlarni joriy etish, investitsiya loyihalarini samarali amalga oshirish hamda zamonaviy turistik xizmat turlarini kengaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Mazkur yig‘ilishda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalarining ishtiroki muhim ta’limiy va amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi. Talabalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati faoliyati, parlament nazorati mexanizmlari, shuningdek barqaror rivojlanish, xalqaro hamkorlik, tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalarining amaliy muhokama jarayonlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha Qo‘mita tomonidan tegishli qaror qabul qilindi.




