
“Xalqaro tashkilotlarni moliyalashtirish va ularning qarorlari” mavzusida master-klass o‘tkazildi
“Xalqaro tashkilotlarni moliyalashtirish va ularning qarorlari” mavzusida master-klass o‘tkazildi

2026 yilning 22-aprel kuni TDYU “Xalqaro huquq va inson huquqlari” kafedrasi professori M.A. Raximova ishtirokida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xalqaro huquq” fakulteti 3-kurs talabalari uchun “Xalqaro tashkilotlar huquqi” fani doirasida “Xalqaro tashkilotlarni moliyalashtirish va ularning qarorlari” mavzusiga bag‘ishlangan master-klass tashkil etildi.
Master-klass davomida xalqaro tashkilotlarning moliyaviy manbalari, ularning byudjet shakllanish mexanizmlari, a’zo davlatlar badallari, ixtiyoriy mablag‘lar hamda grantlar tizimi haqida batafsil tushuntirish berildi. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning huquqiy tabiati, ularning majburiylik darajasi hamda xalqaro huquq tizimidagi o‘rni yuzasidan ilmiy-amaliy tahlillar taqdim etildi.
Professor M.A. Raximova o‘z ma’ruzasida xalqaro tashkilotlar faoliyatining samaradorligi ko‘p jihatdan ularning moliyaviy barqarorligi va qabul qilinayotgan qarorlarning legitimligi bilan chambarchas bog‘liq ekanligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, talabalarga amaliy misollar asosida xalqaro tashkilotlar faoliyatidagi zamonaviy tendensiyalar haqida ham ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda mavzu yuzasidan fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Mazkur master-klass talabalarning xalqaro huquq sohasidagi bilimlarini mustahkamlash, nazariy bilimlarni amaliy jihatlar bilan boyitish hamda ularning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga xizmat qildi.




