
JIDUda xalqaro hisob-kitob va kredit munosabatlariga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi
JIDUda xalqaro hisob-kitob va kredit munosabatlariga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi

Joriy yilning 16-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida xalqaro xususiy huquqning muhim yo‘nalishlaridan biri - “Xalqaro hisob-kitob va kredit munosabatlari” mavzusiga bag‘ishlangan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari kafedrasi mudiri Sherzodbek Masadikov hamda kafedra o‘qituvchisi Nosirov Qobiljon tashabbusi bilan tashkil etilib, talabalar nazariy bilimlarini real huquqiy misollar bilan boyitish hamda ushbu yo‘nalishdagi zamonaviy tendensiyalarni tahlil qilishga qaratildi.
Mahorat darsida soha mutaxassisi - Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Xalqaro hamkorlik departamenti mutaxassisi Qurbonov Behruz ma’ruza bilan ishtirok etdi. Tadbirda Xalqaro huquq fakulteti professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda, mazkur fakultetning 3-bosqich talabalari ham faol qatnashib, mavzuning huquqiy nozik jihatlari va amaliy masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv davomida xalqaro kreditlashning asosiy shakllari - konsorsial kreditlar, eksport-import operatsiyalarini moliyalashtirish hamda lizing mexanizmlarining huquqiy asoslari va ularning amaliyotdagi qo‘llanilishi keng muhokama qilindi. Ushbu ilmiy-amaliy muloqot Barqaror rivojlanish maqsadlarining 17-maqsadi - “Barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik” g‘oyalari bilan hamohangligi bilan ajralib turdi. Shuningdek, xalqaro hisob-kitob va kredit munosabatlarining huquqiy jihatdan puxta tartibga solinishi mamlakatimizda investitsiyaviy muhitni yaxshilash va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashning muhim omillaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida Barqaror rivojlanish maqsadlarining 16-maqsadi - samarali, hisobdor va shaffof institutlarni rivojlantirish tamoyillari bilan xalqaro hisob-kitob tizimlarining integratsiyasi o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik yuzasidan xulosalar bildirildi. Bunday mahorat darslari bo‘lajak xalqaro huquqshunoslarning moliyaviy huquq sohasidagi kompetensiyalarini oshirish, shuningdek, nazariya va amaliyotning uzviy integratsiyasini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.




