
JIDUda ingliz shartnoma huquqida “Mistake” va “Frustration” doktrinalariga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi
JIDUda ingliz shartnoma huquqida “Mistake” va “Frustration” doktrinalariga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi

Joriy yilning 17-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Ingliz shartnoma huquqida “mistake” va “frustration” doktrinalari” mavzusiga bag‘ishlangan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Tadbir ingliz shartnoma huquqida shartnomaning haqiqiy emasligi va amal qilishini to‘xtatuvchi asoslar, xususan, umumiy xato, shartnomaning buzilishi, bajarishning imkonsizligi va qonunga xiloflik institutlarini chuqur o‘rganish maqsadida “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari” kafedrasi mudiri Sherzodbek Masadikov va kafedra o‘qutuvchisi Nosirov Qobiljon tomonidan tashkil etildi.
Mahorat darsida soha mutaxassisi - O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Xalqaro hamkorlik departamenti mutaxassisi Qurbonov Behruz o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Tadbirda “Xalqaro huquq” fakultetining professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda, ushbu fakultetning 3-kurs talabalari faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollari yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, uchrashuvda xalqaro investitsiya va qurilish loyihalarida shartnomalarni tuzishda yo‘l qo‘yiladigan tipik xatolar, kutilmagan hodisalar (pandemiya, urush, tabiiy ofatlar) yuzaga kelganda frustratsiya doktrinasini qo‘llash mexanizmlari va sud amaliyoti misollarida muhokama qilindi. Ushbu ilmiy-amaliy muloqot Barqaror rivojlanishning 16-maqsadi (Tinchlik, adolat va samarali institutlar) g‘oyalari bilan hamohangligi bilan ajralib turadi. Xalqaro shartnomalarning huquqiy jihatdan mustahkamligi va ularni talqin qilishdagi yagona standartlar mamlakatimizga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning asosiy omillaridan biri ekanligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida BRMning 16-maqsadi (qonun ustuvorligini ta’minlash va odil sudlov imkoniyatlarini kengaytirish) bilan ingliz shartnoma huquqidagi shartnoma erkinligi, vijdonlilik va adolat prinsiplari qanchalik uzviy bog‘liqligi xususida xulosalar qilindi. Bunday mahorat darslari bo‘lajak xalqaro huquqshunoslarda zamonaviy huquqiy tafakkurni shakllantirishga, nazariya va amaliyotning mustahkam integratsiyasini ta’minlashga xizmat qiladi.




