
Rahbar va yoshlar uchrashuvi doirasida “Bir talaba - bir daraxt” aksiyasi tashkil etildi
Rahbar va yoshlar uchrashuvi doirasida “Bir talaba - bir daraxt” aksiyasi tashkil etildi

Joriy yilning 24-fevral kuni Prezidentimizning yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” doirasida qator amaliy tadbirlar tashkil etilmoqda. Mazkur tashabbuslar yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
Shu doirada “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida “Bir talaba - bir daraxt” shiori ostida keng qamrovli ekologik tadbir tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi universitet hududini ko‘kalamzorlashtirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda yoshlar ongida tabiatga mehr va mas’uliyat tuyg‘usini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar faol ishtirok etdi. Jarayon yuqori tashkiliy saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tkazilib, unda universitet hududida daraxt ko‘chatlari ekildi. Ekish ishlari davomida mutaxassislar tomonidan ko‘chatlarni to‘g‘ri ekish, ularni parvarishlash, sug‘orish va saqlash bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi. Bu esa tadbirning nafaqat amaliy, balki ma’rifiy аҳamiyatini ham yanada oshirdi.
Tadbir doirasida universitetning birinchi prorektori O. Yusupdjanov tomonidan talabalar bilan ochiq va samimiy muloqot ham tashkil etildi. Muloqot davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, mavjud muammolar, shuningdek, turli taklif va tashabbuslari yuzasidan fikr bildirdilar. Bildirilgan takliflar rahbariyat tomonidan atroflicha o‘rganilib, ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilanishi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida ekilgan har bir daraxt kelgusida universitet hududining ekologik holatini yaxshilash, havoni musaffolashtirish hamda yashil hududlar maydonini kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi. Shu bilan birga, talabalar o‘zlari ekkan ko‘chatlarga mas’uliyat bilan yondashish va ularni muntazam parvarishlab borish zarurligini chuqur angladilar.




