
JIDUda “Zakovat” intellektual o‘yinining universitetlararo bosqichi ilk bor ingliz tilida o‘tkazildi
JIDUda “Zakovat” intellektual o‘yinining universitetlararo bosqichi ilk bor ingliz tilida o‘tkazildi

Joriy yilning 11-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida mamlakatimizda intellektual salohiyatni rivojlantirishga qaratilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining universitetlararo bosqichi ilk bor ingliz tilida tashkil etildi. Mazkur musobaqada jami 17 ta universitet jamoalari - JIDU, TDYU, TDIU, TDSHU, BMU, WUT, AJOU, TOBB ETU, “Yangi O‘zbekiston” universiteti, O‘zXIA, O‘zDJTU, TATU, O‘zJOKU, TIU, O‘zMU, TDTU va ToshDO‘TAU — faol ishtirok etdi.
Tadbir talabalarning tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, ingliz tilidagi bilimlarini mustahkamlash hamda intellektual salohiyatini oshirishga qaratildi. Ishtirokchilar turli sohalarga oid savollarga javob berish jarayonida yuqori bilim saviyasi, tezkor fikrlash qobiliyati va jamoada ishlash mahoratini namoyon etdilar.
Musobaqa qiziqarli va interaktiv ruhda tashkil etilib, talabalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qildi. Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar universitet rahbariyati tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tadbir davomida musobaqaning ilmiy va tarbiyaviy ahamiyati alohida ta’kidlanib, kelgusida intellektual loyihalarni kengaytirish, yoshlarning bilim salohiyatini oshirish hamda xorijiy til kompetensiyalarini rivojlantirish bo‘yicha muhim tavsiyalar bildirildi.
Ingliz tilida o‘tkazilgan ushbu “Zakovat” bosqichi nafaqat talabalarning bilimga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirdi, balki universitetlararo sog‘lom raqobatni rivojlantirish, erkin fikrlash va ijodiy muhitni shakllantirishda muhim qadam bo‘ldi.



