
“Bugungi kundagi yoshlar oldidagi vazifalar” mavzusida Rahbar va Yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
“Bugungi kundagi yoshlar oldidagi vazifalar” mavzusida Rahbar va Yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 2-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida har haftaning payshanba kuni an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yoshlar kuni” doirasida Mirzo Ulug‘bek tumani hokim o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar masalalari boshqarmasi boshlig‘i Sh. Shakirova ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad bugungi kunda yoshlar oldida turgan ustuvor vazifalarni muhokama qilish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, shuningdek, ta’lim, bandlik va ma’naviy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borishdan iborat bo‘ldi.
Mazkur tadbirda universitet Xotin-qizlar maslahati kengashi raisi hamda Yoshlar ishlari ofisi xodimlari ham faol ishtirok etdilar.
Davra suhbati davomida so‘zga chiqqan Sh. Shakirova mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shu bilan birga, yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishi, xorijiy tillarni o‘rganishi hamda mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirishi zarurligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir jarayonida talabalar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar tinglandi hamda ularni qiziqtirgan savollarga Sh. Shakirova tomonidan atroflicha va asosli javoblar berildi. Bu esa yoshlar va mas’ul rahbar o‘rtasida ochiq muloqot muhitini shakllantirishga xizmat qildi.
Davra suhbati yakunida bugungi kunda yoshlarning zimmasiga katta mas’uliyat yuklatilgani, ular o‘z oldilariga aniq maqsadlar qo‘yib, bilim va salohiyatini doimiy ravishda oshirib borishi zarurligi qayd etildi. Shuningdek, yoshlarning jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi, Vatanga sadoqat ruhida faoliyat yuritishi muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Yakuniy xulosa sifatida, mazkur tadbir yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
| Sana: | 02.04.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 103 |
| Ulashish: |




