
JIDU va O‘zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi o‘rtasida Hamkorlik Memorandumi imzolandi
JIDU va O‘zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi o‘rtasida Hamkorlik Memorandumi imzolandi

Joriy yilning 26-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida JIDU hamda O‘zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Hujjat universitet va Assambleya o‘rtasida uzoq muddatli, samarali hamda o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish, ekspert va malakali mutaxassislarni jalb etgan holda yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyiha va tadbirlarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Memorandum doirasida tomonlar ta’lim dasturlarini takomillashtirish, ilmiy va amaliy tadqiqotlarni tashkil etish va hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Shuningdek, JIDU o‘quv dasturlarini tadbirkorlik faoliyatidagi huquqiy muammolar asosida boyitish, ta’lim jarayonida real keyslar va amaliy materiallardan foydalanish ham nazarda tutilgan.
Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan yana biri — qo‘shma ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, treninglar, davra suhbatlari va binar darslarni tashkil etishdan iborat. Bundan tashqari, “Biznes-mehmon” loyihasi doirasida uchrashuvlar o‘tkazish, grantlar asosida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va qisqa muddatli o‘quv kurslarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Diplomatlarning vazifasi bugungi kunda faqat Memorandum imzolash, shartnoma tuzish emas, shu bilan birga iqtisodiy jihatdan davlat, xalq rivojlanishi uchun ham xizmat qilishi kerakligini inobatga olib JIDU va O‘zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi o‘rtasida maqsadlar tutashgan tarzda uzoq yillik kelishuv memorandumi imzolandi.
O‘zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasida ochilgan “Iqtisodiy Diplomatiya” departamenti bunda amaliyotga tayangan bilimlar berish va talabalarda amaliyot asosida ko‘nikmalar hosil bo‘lishida asosiy bo‘limligiga urg‘u qaratildi.
Memorandum JIDU talabalari uchun mahorat darslari va sayyor mashg‘ulotlarni tashkil etish, huquqiy masalalar yuzasidan yuridik klinika faoliyatini yo‘lga qo‘yish, huquqiy madaniyatni oshirishga qaratilgan media materiallar ishlab chiqish, shuningdek, bitiruvchilarni ishga joylashtirishga ko‘maklashish kabi yo‘nalishlarni ham qamrab oladi.
Mazkur hujjat tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni tizimli asosda rivojlantirish, ta’lim, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini mustahkamlash, shuningdek, biznes huquqi, korporativ boshqaruv va raqobat sohalarida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlash uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.




