
JIDU rektori BRIKS sammitida ishtirok etdi
JIDU rektori BRIKS sammitida ishtirok etdi

2025-yil 6–7-iyul kunlari Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida BRIKSning 17-sammitida ishtirok etdi.
Ushbu nufuzli forumda 38 ta davlat va xalqaro tashkilotlarning delegatsiyalari qatnashdi.
Sammit doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va uni moliyalashtirish, tinchlik hamda xavfsizlikni taʼminlashda hamkorlikni mustahkamlash, sunʼiy intellektni rivojlantirish va sog‘liqni saqlash tizimini integratsiya qilish kabi masalalar muhokama qilindi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston delegatsiyasi anjuman ishtirokchilariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, jumladan iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, taʼlim va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, kambag‘allikni qisqartirish, raqamli transformatsiya va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish to‘g‘risida atroflicha maʼlumot berdi.
Sammit yakunida deklaratsiya qabul qilinib, unga ko‘ra O‘zbekiston BRIKSning hamkoriga aylandi.
Sana: | 09.07.2025 |
Ko'rganlar soni: | 206 |
Ulashish: |