
JIDUda sanoat mulkining huquqiy muhofazasiga oid mahorat darsi o‘tkazildi
JIDUda sanoat mulkining huquqiy muhofazasiga oid mahorat darsi o‘tkazildi

Joriy yilning 25-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) “Sanoat mulki: huquqiy muhofaza, xususiyatlar va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi” mavzusida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir talabalarning nazariy bilimlarini real huquqiy keyslar bilan boyitish, sohadagi zamonaviy tendensiyalarni tahlil qilish maqsadida “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari” kafedrasi mudiri Sherzodbek Masadikov va kafedra professori Nargiza Raimova tomonidan tashkil etildi.
Mahorat darsida JIDU Transformatsiya va strategik rivojlanish ofisi mutaxassisi Zebiniso Maxmudova hamda “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq” kafedrasi o‘qituvchisi Solixa Abduraximova ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Tadbirda “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari” kafedrasi professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda, “Xalqaro huquq” fakultetining 2-kurs talabalari faol qatnashib, sohadagi nozik huquqiy jihatlar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar. Suhbat davomida O‘zbekistonda intellektual mulk tizimining institutsional rivojlanishi, davlat organlarining bu boradagi o‘rni, shuningdek, sanoat mulki obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va himoya qilishda huquqiy savodxonlikning ahamiyati xususida ham so‘z yuritildi. Ta’kidlanganidek, innovatsion rivojlanish va texnologik raqobat kuchayib borayotgan bugungi sharoitda sanoat mulkini samarali huquqiy muhofaza qilish tizimi ilmiy-texnik taraqqiyot, tadbirkorlik faolligi va mamlakat investitsiyaviy jozibadorligini ta’minlashda muhim omillardan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, mahorat darsi davomida talabalar Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) faoliyati, xususan, BIMT Akademiyasi tomonidan taqdim etilayotgan ta’limiy va axborot resurslari bilan ham tanishtirildi. Ushbu imkoniyatlar talabalarga maxsus kurslar, xalqaro o‘quv materiallari va intellektual mulk sohasidagi zamonaviy yondashuvlarni o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.
Mazkur mahorat darsi Barqaror rivojlanish maqsadlari, xususan, 9-maqsad - “Sanoat, innovatsiyalar va infratuzilma” hamda 16-maqsad - “Tinchlik, adolat va samarali institutlar” bilan hamohangdir. Tadbir davomida sanoat mulkini ishonchli huquqiy muhofaza qilish tizimi innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy ishlanmalarni rag‘batlantirish, institutsional muhitni mustahkamlash hamda fuqarolik-huquqiy munosabatlar ishtirokchilari huquqlarini samarali himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.




