JIDU vakillari mahallada Barqaror rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan davra suhbatini o‘tkazdi

JIDU vakillari mahallada Barqaror rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan davra suhbatini o‘tkazdi

    JIDU vakillari mahallada Barqaror rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan davra suhbatini o‘tkazdi

    JIDU vakillari mahallada Barqaror rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan davra suhbatini o‘tkazdi

    2026-yil 2-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro moliya va investitsiyalar” kafedrasi professor-o‘qituvchilari Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Pastki-Yuz” mahalla fuqarolar yig‘iniga tashrif buyurib, Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) mavzusida ilmiy-amaliy davra suhbatini o‘tkazdilar. Tadbirning bosh maqsadi mahalla aholisi o‘rtasida BRM mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish, ularni milliy taraqqiyot ustuvor yo‘nalishlari bilan uyg‘un holda tushuntirish hamda fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardagi faol ishtirokini rag‘batlantirishdan iborat bo‘ldi. 

    Davra suhbati davomida Barqaror rivojlanish maqsadlarining konseptual asoslari, ularning global va milliy ahamiyati, shuningdek, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda inson farovonligini ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishdagi o‘rni atroflicha yoritildi.

    Tadbirda qashshoqlik va ochlikni kamaytirish, sifatli ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, gender tenglikni mustahkamlash, munosib mehnat va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, innovatsiyalar va infratuzilmani rivojlantirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

    Muloqot jarayonida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ham BRM bilan uzviy bog‘liqlikda talqin qilindi. Xususan, inson kapitalini rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish, raqamli iqtisodiyot va elektron davlat xizmatlarini kengaytirish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish hamda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini ilgari surish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar barqaror rivojlanish kun tartibining muhim tarkibiy qismi ekani qayd etildi. 

    Tadbir tabiatning yangilanishi, ezgulik va saxovat timsoli bo‘lgan yorqin Navro‘z bayramidan so‘ng o‘tkazilganini inobatga olib, ishtirokchilar ushbu bayram an’analariga singdirilgan insonning atrof-muhit bilan uyg‘unligi g‘oyalari barqaror rivojlanishning zamonaviy tamoyillariga chuqur hamohang ekanini alohida ta’kidladilar.

    Mahalla aholisi bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda barqaror rivojlanishning mahalliy darajadagi amaliy mexanizmlari muhokama qilindi. Xususan, ekologik madaniyatni oshirish, energiya va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yoshlarni ijtimoiy hamda innovatsion tashabbuslarga keng jalb etish, shuningdek, mahalliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash orqali jamoaviy faollikni kuchaytirish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi. Tadbirning interaktiv shaklda tashkil etilgani esa uning amaliy ahamiyatini yanada oshirdi.