
JIDUda Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida Xalqaro avtomobil yuk tashuvlari bo‘yicha master-klass o‘tkazildi
JIDUda Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida Xalqaro avtomobil yuk tashuvlari bo‘yicha master-klass o‘tkazildi

Joriy yilning 14-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Xalqaro biznes huquqi” yo‘nalishida tahsil olayotgan 1-bosqich magistrantlari uchun “Xalqaro transport huquqi” fanidan “Xalqaro avtomobil yuk tashuvlari” mavzusida master-klass tashkil etildi. Master-klass “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari” kafedrasi mudiri Masadikov Sherzodbek hamda mazkur kafedra professori Imamova Dilfuza tomonidan tashkil etildi.
Master-klassni o‘tkazish uchun logistika kompaniyasi direktori, xalqaro yuk tashuvlari sohasidagi mutaxassis Feruza Imamova taklif etildi.
Master-klass davomida Feruza Imamova xalqaro avtomobil yuk tashuvlarini amalga oshirishning o‘ziga xos jihatlarini batafsil tushuntirib berdi. Shuningdek, Yuklarni xalqaro yoʻllarda tashish shartnomasi toʻgʻrisida (YuYTK) konvensiya hamda Yuklarni xalqaro yoʻllarda tashish daftarchasini qoʻllagan holda yuklarni xalqaro tashish toʻgʻrisida bojxona Konvensiyasi o‘rtasidagi farqlarni izohlab berdi. Bundan tashqari, u xalqaro yuk tashuvlarini tashkil etish bo‘yicha o‘zining amaliy tajribasi bilan ham o‘rtoqlashdi. Bu esa magistrantlarga nazariy bilimlarni amaliy faoliyat bilan bevosita bog‘lash imkonini berdi.
Magistrantlar muhokama qilinayotgan mavzuga katta qiziqish bildirdilar, munozaralarda faol ishtirok etdilar, dolzarb savollar bilan murojaat qildilar hamda mazmunli va asoslantirilgan javoblar oldilar.
Mazkur master-klassning o‘tkazilishi BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida 16-maqsad – «Tinch va inklyuziv jamiyatni barpo etishga ko‘maklashish, barcha uchun odil sudlovdan foydalanishni ta’minlash va barcha darajalarda samarali, hisobdor hamda inklyuziv institutlarni shakllantirish», xususan huquq ustuvorligini mustahkamlash va odil sudlovdan teng foydalanishni ta’minlashga qaratilgan 16.3-band, shuningdek 17-maqsad – «Barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik», ayniqsa fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda ulardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi 17.6-bandning amalga oshirilishiga bevosita xizmat qiladi.
Master-klass akademik muloqotni rivojlantirish, nazariya va amaliyot o‘rtasidagi o‘zaro aloqani mustahkamlash hamda ta’lim jarayonini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.



