
JIDU va TİKA ta’lim, fan va barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi
JIDU va TİKA ta’lim, fan va barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi

2026-yil 17 mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
TİKA delegatsiyasi tarkibiga Toshkent shahridagi TİKA dasturiy muvofiqlashtirish idorasi koordinatori Esin Adjar Ergin, shuningdek, O‘zbekistondagi dasturlar menejeri Farrux Abdullayev kirdi.
JIDU tomonidan delegatsiyani Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev qabul qildi.
Uchrashuv avvalida S.Safoyev delegatsiyani samimiy qutlab, tashrif uchun minnatdorlik bildirdi. U O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarini mustahkamlash strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Ta’lim, fan va akademik almashinuv sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv davomida JIDU vakillari universitet faoliyati, uning Turkiya bilan hamkorligi, shuningdek, TİKA bilan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazdilar. Ta’kidlanishicha, hozirda JIDU Turkiyaning bir qator universitetlari, jumladan, Anqara Yildirim Boyazid universiteti, Mehmet Akif Ersoy universiteti (Burdur shahri), Rajab Toyyib Erdo‘g‘an universiteti (Rizo shahri), Marmara universiteti, Pamukkale universiteti va Ibn Xaldun universiteti bilan hamkorlik kelishuvlarini amalga oshirmoqda.
Tomonlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi akademik va ekspert muloqotini rivojlantirish masalalarini ham muhokama qildilar. Shu nuqtayi nazardan, 2025-yil oktyabr oyida JIDUda Ibn Xaldun universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “O‘zbekiston - Turkiya: strategik istiqbollar” strategik forumiga alohida e’tibor qaratildi. Muvaffaqiyatli tajribaga tayanib, JIDU ushbu forumni ikki mamlakat olimlari, tahlilchilari va davlat tuzilmalari vakillari o‘rtasida akademik almashinuv va ekspertlar muloqoti uchun doimiy platforma sifatida institutsionallashtirish niyatini bildirdi.
Muzokaralar chog‘ida TİKA ko‘magida hamkorlikni kengaytirishning bir qator asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi. Raqamli ta’lim va “aqlli universitet” tashabbuslarini rivojlantirish, jumladan, IT-forumlar, seminarlar, xakatonlar o‘tkazish, shuningdek, innovatsion infratuzilma, startap ekotizimlari va raqamli ta’lim yechimlarini qo‘llab-quvvatlash shular jumlasidan. O‘qituvchilarning malakasini oshirish dasturlari orqali turk tilini o‘qitishni kuchaytirish, zamonaviy o‘quv materiallari bilan ta’minlash, akademik mobillik va til amaliyotlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar. Shuningdek, qo‘shma tashabbuslarni samarali amalga oshirish uchun yaqin vaqt ichida “yo‘l xarita” loyihasini (action plan) tayyorlashga kelishib olindi.



