JIDUda “SHHT: O‘zbekiston yoshlari ovozi” shiori ostida SHHT Yoshlar sammiti bo‘lib o‘tdi

JIDUda “SHHT: O‘zbekiston yoshlari ovozi” shiori ostida SHHT Yoshlar sammiti bo‘lib o‘tdi

    JIDUda “SHHT: O‘zbekiston yoshlari ovozi” shiori ostida SHHT Yoshlar sammiti bo‘lib o‘tdi

    JIDUda “SHHT: O‘zbekiston yoshlari ovozi” shiori ostida SHHT Yoshlar sammiti bo‘lib o‘tdi

        Joriy yilning 14-mart kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) ta’sis etilganligining 25-yilligi munosabati bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “SHHT: O‘zbekiston yoshlari ovozi” shiori ostida SHHT Yoshlar sammiti bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir mamlakatimizning turli hududlaridan 100 dan ortiq faol va tashabbuskor yosh delegatlarni birlashtirdi. Ishtirokchilar 580 dan ziyod arizalar orasida o‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra saralab olindi. Bu esa o‘z navbatida yoshlarning xalqaro hamkorlik, diplomatiya va barqaror rivojlanish masalalariga bo‘lgan yuqori qiziqishini yaqqol namoyon etadi.

          Sammit O‘zbekistondagi SHHT Xalq diplomatiyasi markazi, JIDU hamda Diplomatic Synergy Club hamkorligida tashkil etildi. Loyihaning asosiy maqsadi — yoshlar diplomatiyasini qo‘llab-quvvatlash, xalqaro muloqot madaniyatini rivojlantirish va SHHTning asosiy qadriyatlari — o‘zaro hurmat, ishonch va ko‘p tomonlama hamkorlik g‘oyalarini yoshlar orasida targ‘ib qilishdir.

         Model ishtirokchilarini umumta’lim maktablari, akademik litsey va oliy o‘quv yurtlari talabalari tashkil etdi, ular SHHT yig‘ilishlari formati asosida o‘z g‘oya va tashabbuslarini ilgari surdilar.

          Loyihadan ko‘zlangan maqsad — SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashini modellashtirish orqali yoshlarning Tashkilot faoliyatiga qiziqishini rag‘batlantirishdir. Bunday format yoshlarning tahliliy fikrlashini rivojlantirishga hamda global va mintaqaviy masalalarga har tomonlama yondashuvni shakllantirishga, Tashkilot maqsad va vazifalarini chuqurroq tushunishga yordam beradi.

          Tadbir dasturi ikki sessiyani o‘z ichiga oldi, ularning har biri SHHTga a’zo davlatlar oldida turgan muhim masalalarga bag‘ishlandi.

         Xususan, birinchi sessiya doirasida delegatlar mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalarini muhokama qilishdi. Unda SHHT makonida tinchlikni ta’minlash, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, Afg‘oniston masalasining dolzarb jihatlari hamda xavfsizlik sohasida davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlari haqida fikr almashildi.

         Ikkinchi sessiyada esa ishtirokchilar iqtisodiy bog‘liqlik va savdo hamkorligi, shuningdek gumanitar va madaniy aloqalarni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratdilar. Delegatlar transport va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish, iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish, ta’lim va fan sohasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda yoshlar siyosatini rivojlantirishning ahamiyatini alohida ta’kidladilar.

       Muhokamalar davomida ishtirokchilar SHHT makonidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan taklif va g‘oyalarni ilgari surdilar.

       O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov mazkur loyihaga qiziqish yildan yilga ortib borayotganini qayd etdi. “Yoshlar — bu bizning kelajagimiz, shuningdek, bugungi zamonaviy dunyodagi eng faol va kreativ kuch hisoblanadi. Bunday modellar orqali yoshlar nafaqat xalqaro munosabatlarning mohiyatini tushunishadi, balki do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat kabi SHHT qadriyatlarini hayotga tadbiq etishni ham o‘rganadilar. Bugungi tadbir — yoshlarimizning qanchalik faol, fikri yetuk va dunyoqarashi keng ekanini yaqqol namoyon qildi. Ular bilan faxrlanamiz!”,- ta’kidladi Markaz rahbari.

        Ta’kidlash joizki, bugun O‘zbekiston yoshlarining ovozi xalqaro maydonda tobora ishonchli va balandroq yangramoqda. Yoshlarni bu kabi tashabbuslardagi ishtiroki ularning nafaqat zamonaviy muammolarni chuqur anglashiga, balki xalq diplomatiyasini rivojlantirishga, yaxshi qo‘shnichilik g‘oyalarini ilgari surishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.