JIDUda zamonaviy xalqaro munosabatlar va geosiyosiy jarayonlarga bag‘ishlangan mahorat darsi tashkil etildi

JIDUda zamonaviy xalqaro munosabatlar va geosiyosiy jarayonlarga bag‘ishlangan mahorat darsi tashkil etildi

    JIDUda zamonaviy xalqaro munosabatlar va geosiyosiy jarayonlarga bag‘ishlangan mahorat darsi tashkil etildi

    JIDUda zamonaviy xalqaro munosabatlar va geosiyosiy jarayonlarga bag‘ishlangan mahorat darsi tashkil etildi

    2026-yil 13-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Xalqaro munosabatlar” fakulteti tomonidan “Making Sense of the World We Currently Live In” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi. Tadbir zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimida yuz berayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlarni tahlil qilish, talabalarning analitik va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda global siyosiy tendensiyalar yuzasidan ilmiy-amaliy bilimlarini boyitishga qaratildi.

    Mahorat darsini Toshkentdagi Webster University in Tashkent professori, xalqaro siyosat va geosiyosiy tadqiqotlar bo‘yicha mutaxassis Dr. Michael Rossi olib bordi. Uchrashuv davomida professor zamonaviy xalqaro tizimning transformatsiyasi, global siyosiy kuchlar muvozanatining o‘zgarishi hamda yangi geosiyosiy tendensiyalar haqida batafsil ma’ruza qildi.

    Dr. Michael Rossi o‘z chiqishida bugungi kunda “G‘arb va qolgan dunyo” o‘rtasida tobora chuqurlashib borayotgan siyosiy va mafkuraviy qarama-qarshiliklarga, 1945-yildan keyin shakllangan liberal qadriyatlarga asoslangan “Qoidalarga tayangan xalqaro tartib”ning bugungi kunda inqiroz holatiga kelib qolayotganiga hamda “Sovuq urushdan keyingi dunyo” konsepsiyasining yakunlanib borayotganiga alohida e’tibor qaratdi.

    Bundan tashqari, uchrashuv davomida ko‘p qutblilik tushunchasi bugungi kunda faqat nazariy yoki akademik atama bo‘lib qolmay, balki real geosiyosiy voqelik sifatida shakllanib borayotgani alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, uzoq yillar davomida xalqaro siyosiy tizimda ustuvor mavqega ega bo‘lgan “Pax Americana” davrining bosqichma-bosqich yakunlanayotgani hamda G‘arb liberal demokratiyasining “tarix yakuni” sifatidagi konsepsiyasi zamonaviy global jarayonlar fonida o‘zining avvalgi ta’siri va universallik maqomini yo‘qotib borayotgani yuzasidan fikr almashildi.

    Tadbir davomida talabalar va professor-o‘qituvchilar ma’ruzachi bilan ochiq muloqot olib borib, zamonaviy xalqaro xavfsizlik, geosiyosiy raqobat, mintaqaviy mojarolar, xalqaro tashkilotlarning bugungi roli hamda global boshqaruv tizimidagi o‘zgarishlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

    Tadbir yakunida ishtirokchilar bunday ilmiy-amaliy uchrashuvlar talabalarning dunyoqarashini kengaytirish, ularning xalqaro jarayonlarni tahlil qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda zamonaviy geosiyosiy muammolarni chuqur anglashida muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdilar.