
JIDU va Amerika Universiteti xalqaro tadqiqotlar yo‘nalishida 1+1 qo‘shma ikki diplomli ta’lim dasturini yo‘lga qo‘ydi
JIDU va Amerika Universiteti xalqaro tadqiqotlar yo‘nalishida 1+1 qo‘shma ikki diplomli ta’lim dasturini yo‘lga qo‘ydi

2026-yil 27-avgust kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) hamda Amerika Universiteti (AU, Vashington, AQSh) o‘rtasida xalqaro tadqiqotlar va xalqaro munosabatlar yo‘nalishida yangi 1+1 qo‘shma ikki diplomli ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bitimni imzolash marosimi onlayn shaklda bo‘lib o‘tdi. Mazkur kelishuv ikki universitet o‘rtasidagi akademik hamkorlikni rivojlantirishda navbatdagi muhim bosqich bo‘ldi.
Marosimda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev va Amerika Universiteti prezidenti David Marchick, shuningdek, ikki universitet vakillari ishtirok etdi.
Yangi dastur JIDU va Amerika Universitetining akademik salohiyati hamda resurslarini birlashtirish orqali talabalarga xalqaro darajadagi ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. 1+1 formati doirasida talabalar ta’limning bir qismini JIDUda o‘tab, keyinchalik o‘qishni Vashingtondagi Amerika Universitetida davom ettiradilar.
Bitimning imzolanishi ikki universitet o‘rtasida jadal rivojlanib borayotgan hamkorlikning mantiqiy davomi bo‘ldi. 2026-yil fevral oyida JIDU va Amerika Universiteti iqtisodiyot yo‘nalishida qo‘shma ikki diplomli ta’lim dasturini yo‘lga qo‘ygan edi. Yangi bitim esa hamkorlikni xalqaro tadqiqotlar va xalqaro munosabatlar sohalariga kengaytiradi.
Ayni paytda ikki universitet huquq sohasida ham hamkorlikni rivojlantirish ustida ish olib bormoqda va ushbu yo‘nalishdagi kelishuvlarni yaqin kelajakda rasmiylashtirish rejalashtirilgan.
Marosim davomida tomonlar JIDU va Amerika Universiteti o‘rtasidagi hamkorlikni ikki diplomli ta’lim dasturlari doirasidan tashqarida ham kengaytirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar. Kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari qatoriga professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar almashinuvi, talabalar akademik mobilligi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, kasbiy tayyorgarlik va malaka oshirish dasturlari, rahbar kadrlar uchun ta’lim dasturlari (Executive Education), shuningdek, bakalavriat bosqichidagi hamkorlikni kengaytirish kiradi.
JIDU va Amerika Universiteti o‘rtasidagi hamkorlikning rivojlanishi O‘zbekiston–AQSh munosabatlarining ta’lim, ilm-fan, inson kapitalini rivojlantirish va xalqlar o‘rtasidagi aloqalar sohalarida izchil mustahkamlanib borayotganini ham aks ettiradi. Universitetlar o‘rtasidagi sheriklik barqaror akademik va professional aloqalarni shakllantirishga hamda ikki mamlakatning kelajak avlod mutaxassislari uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
JIDU, shuningdek, AQShning O‘zbekistondagi elchixonasiga akademik va ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda O‘zbekiston va AQSh universitetlari o‘rtasidagi institutsional aloqalarni mustahkamlashga ko‘rsatayotgan ko‘magi uchun minnatdorlik bildirdi.
Amerika Universiteti haqida
Amerika Universiteti 1893-yilda tashkil etilgan bo‘lib, AQShning Vashington shahrida joylashgan xususiy tadqiqot universitetidir. Universitet AQSh oliy ta’lim muassasalari orasida ilmiy-tadqiqot faoliyatining eng yuqori toifasi hisoblangan R1 maqomiga ega.
Amerika Universiteti xalqaro munosabatlar va siyosiy fanlar sohasida kuchli akademik mavqega ega. QS World University Rankings by Subject 2026 fan yo‘nalishlari reytingida universitet “Politics & International Studies” (“Siyosat va xalqaro tadqiqotlar”) yo‘nalishi bo‘yicha dunyoda 41-o‘rinni egallagan.
Universitetning yetakchi akademik tuzilmalaridan biri School of International Service (SIS) bo‘lib, u 1957-yilda tashkil etilgan. SIS xalqaro munosabatlar sohasidagi yetakchi o‘nta maktab qatoriga kiradi hamda 120 nafardan ortiq doimiy professor-o‘qituvchi va tadqiqotchilarni, shuningdek, bakalavriat va magistratura bosqichlarida tahsil olayotgan qariyb 2 000 nafar talabani birlashtiradi.
SISning Vashington shahrida joylashgani talabalarga davlat idoralari, diplomatik vakolatxonalar, xalqaro tashkilotlar, tahlil markazlari, nodavlat tashkilotlar hamda xalqaro ekspertlar hamjamiyati bilan chambarchas bog‘liq noyob akademik va professional muhitdan foydalanish imkonini beradi. Maktabning ta’lim dasturlari xalqaro munosabatlar, xalqaro rivojlanish, global boshqaruv, tinchlik va nizolarni hal etish, tashqi siyosat va milliy xavfsizlik hamda xalqaro tadqiqotlarning boshqa yo‘nalishlarini qamrab oladi.
JIDU va Amerika Universiteti o‘rtasidagi yangi 1+1 qo‘shma ikki diplomli ta’lim dasturi ikki universitet o‘rtasida keng qamrovli va uzoq muddatli sheriklikni shakllantirish hamda JIDU talabalari uchun xalqaro ta’lim imkoniyatlarini yanada kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamdir.
| Sana: | 28.08.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 136 |
| Ulashish: |




