
JIDUda “Rahbar va yoshlar” muloqoti: Talabalar tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda
JIDUda “Rahbar va yoshlar” muloqoti: Talabalar tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Yoshlar kuni” loyihasi doirasida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O.Yusupdjanov, rektor maslahatchisi A.Turdimatov hamda talabalar klublari yetakchilari va faol yoshlar ishtirokida “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv talabalarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning yangi g‘oyalarini tizimli qo‘llab-quvvatlash va universitet hayotidagi ishtirokini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir davomida universitetda yoshlar siyosatini amalga oshirish borasidagi dolzarb masalalar va talabalar tashabbuslarini har tomonlama rag‘batlantirish mexanizmlari atroflicha muhokama qilindi. Muloqot markazida nafaqat erishilgan natijalar tahlili, balki kelajakka yo‘naltirilgan loyihalar taqdimoti hamda ularni amaliyotga tatbiq etish yo‘llari ko‘rib chiqildi.
Asosiy e’tibor talabalar jamoalarining faoliyatini bugungi kun talablari asosida shakllantirish, yosh yetakchilarda strategik fikrlash va jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, universitetda yangi g‘oyalar va kreativ loyihalar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda talabalarning o‘zini o‘zi boshqarish tizimini yanada takomillashtirish kabi masalalarga qaratildi.
Ochiq va jonli ruhda o‘tgan muloqot davomida talabalar o‘z loyihalarini taqdim etib, ularni hayotga tatbiq etish bo‘yicha rahbariyatdan zarur maslahatlar va amaliy yordam oldilar. Tadbir yakunida bildirilgan takliflar umumlashtirilib, kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olindi.
| Sana: | 12.03.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 53 |
| Ulashish: |



