
JIDU o‘qituvchisi Istanbul universitetida “Ta’limda sun’iy intellekt dasturlarini qo’llash” mavzusida malaka oshirdi
JIDU o‘qituvchisi Istanbul universitetida “Ta’limda sun’iy intellekt dasturlarini qo’llash” mavzusida malaka oshirdi

Joriy yilning 1–7-iyul kunlari Turkiyaning nufuzli Istanbul universitetida “Ta’limda sun’iy intellekt dasturlarini qo’llash: auditoriyalardan laboratoriyalarga ko’chish” mavzusida xalqaro malaka oshirish kurslari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur kurslarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) O‘zbek va rus tillari kafedrasi dotsenti v.b. Shaxnoza Xudaykulova turli yetakchi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda ishtirok etdi.
XXI asrda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishi ta’lim tizimiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. An’anaviy ta’lim uslublari tobora zamonaviy, interaktiv va raqamli vositalar bilan boyitilmoqda. Ayniqsa, til o‘rganish jarayonida sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarining qo‘llanilishi bu sohadagi didaktik yondashuvlarni tubdan o‘zgartirmoqda.
Ushbu malaka oshirish kursi doirasida SI asosida ishlovchi til o‘rgatuvchi platformalar, avtomatik tarjima tizimlari, ovozli yordamchilar, shuningdek, o‘quvchilarning bilim darajasini tahlil qiluvchi raqamli vositalar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Amaliy mashg‘ulotlar orqali mazkur texnologiyalarni o‘quv jarayoniga samarali tatbiq etish imkoniyatlari o‘rganildi.
Kurs davomida o‘quvchilarning individual ehtiyojlariga moslashtirilgan, natijadorlikka yo‘naltirilgan va interaktiv yondashuvlar asosidagi dars jarayonlari bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi. Sun’iy intellektni til ta’limiga samarali va maqsadli integratsiya qilish bo‘yicha ilg‘or tajribalar muhokama qilinib, ilmiy-amaliy ahamiyatga ega tavsiyalar ishlab chiqildi.