
Eng ulug‘ g‘oyamiz: “Jaholatga qarshi — ma’rifat”
Eng ulug‘ g‘oyamiz: “Jaholatga qarshi — ma’rifat”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ustuvor siyosatidan kelib chiqib, yoshlar ongida sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish, ularni turli buzg‘unchi va yot g‘oyalardan asrashga qaratilgan tadbirlar izchil davom etmoqda.
Ana shunday muhim tadbirlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi hamda Toshkent shahar Ma’rifiy targ‘ibot markazi hamkorligida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tashkil etildi. Tadbir universitet talabalari va xodimlari ishtirokida “Jaholatga qarshi — ma’rifat” shiori ostida o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining matbuot kotibi — Axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi, “Shuhrat” medali sohibi I. Marupov ma’ruza bilan ishtirok etdi. U o‘z chiqishida globallashuv sharoitida yosh avlodni ekstremistik va radikal qarashlardan himoya qilish, diniy savodxonlikni oshirish hamda ma’rifat orqali jaholatga qarshi kurashishning ahamiyati haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir davomida yoshlarning mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, ularda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat va fidoyilik tuyg‘ularini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, noto‘g‘ri e’tiqodiy qarashlarning salbiy oqibatlari, axborot makonida uchrayotgan turli g‘oyaviy tahdidlarga nisbatan ogohlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, kasb odobi va mehnatga sadoqat mavzusi ham tadbirning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Kasbiy majburiyatlarni mas’uliyat bilan bajarish, halollik va vijdon bilan ishlash, har bir mutaxassis o‘z kasbiga sadoqat bilan yondashsa, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi mumkinligi alohida qayd etildi.
Mazkur tadbir yoshlar ongida ma’rifatli jamiyat barpo etish g‘oyalarini yanada mustahkamlash, ularni faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, bilimli va mas’uliyatli shaxslar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi.



