
JIDUda talabalarning ilmiy salohiyatini oshirishga qaratilgan ilmiy maqolalar tanlovi o‘tkazildi
JIDUda talabalarning ilmiy salohiyatini oshirishga qaratilgan ilmiy maqolalar tanlovi o‘tkazildi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ta’lim sifatini oshirish, talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini rag‘batlantirish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG) dasturi doirasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida “Fuqarolik huquqiga ilmiy nigoh” oyligi doirasida muhim ilmiy tashabbus amalga oshirildi.
Xususan, Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari kafedrasi tomonidan universitet 2-bosqich talabalari uchun “Shartnoma va shartnomaviy majburiyatlar” mavzusida ilmiy maqolalar tanlovi tashkil etildi. Mazkur tanlov kafedra o‘qituvchilari Shohrux Umirzoqov va Solixa Abduraximova rahbarligida o‘tkazildi.
Tanlovning asosiy vazifalari talabalar o‘rtasida ilmiy izlanishlar olib borish madaniyatini shakllantirish, shartnoma huquqi bo‘yicha nazariy bilimlarni amaliy tahlil bilan uyg‘unlashtirish, shuningdek, yosh tadqiqotchilarning ilmiy maqola yozish ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi. Ushbu jarayonda talabalar fuqarolik-huquqiy munosabatlarning dolzarb jihatlarini xalqaro va milliy qonunchilik asosida chuqur tahlil qildilar.
Tanlov doirasida taqdim etilgan ilmiy maqolalar dolzarblik, ilmiy yangilik, huquqiy asoslanganlik, tahliliy yondashuv va xulosalarning amaliy ahamiyati mezonlari asosida baholandi. Natijada yuqori ilmiy saviya va mustaqil yondashuvni namoyon etgan talabalar aniqlanib, 2026- yil Yanvar oyida Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari kafedrasi tomonidan rag‘batlantirildi.
Mazkur ilmiy tanlov kafedraning talabalarning ilmiy faolligini oshirish, ilm-fan va ta’lim integratsiyasini mustahkamlash, shuningdek, raqobatbardosh va professional huquqshunos kadrlar tayyorlashga qaratilgan tizimli faoliyatining amaliy natijasi sifatida baholanadi. Tadbir yakunlari talabalarning ilmiy nashrlar bilan ishlash, huquqiy tahlil qilish va akademik yozuv ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.
Xulosa o‘rnida, mazkur tanlov universitet va kafedra faoliyatining samaradorligini oshirish, ilmiy va ta’limiy maqsadlarga erishish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari dasturi talablarini izchil amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etgani alohida ta’kidlandi. Kelgusida bunday ilmiy tanlov va tashabbuslarni kengaytirish rejalashtirilmoqda.



