
JIDUda Jorjtaun universiteti magistranti, Diplomatiyani o‘rganish instituti Banker-kollegiyasi ilmiy xodimi mahorat darsi o‘tdi
JIDUda Jorjtaun universiteti magistranti, Diplomatiyani o‘rganish instituti Banker-kollegiyasi ilmiy xodimi mahorat darsi o‘tdi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) “Singapur tarixi va Yangi O‘zbekiston uchun saboqlar” mavzusida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Unda Jorjtaun universiteti magistranti, Diplomatiyani o‘rganish instituti Banker-kollegiyasi ilmiy xodimi Nayjel Li ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi.
Tadbir “Xalqaro iqtisodiyot” kafedrasi tomonidan “Xalqaro iqtisodiyot va menejment” fakulteti 2-bosqich talabalari uchun “Makroiqtisodiyot” fani doirasida tashkil etildi. Ma’ruzada kafedra mudiri Laylo Toshpo‘latova hamda o‘qituvchilar Endryu Gundal va Hulkar Karimova qatnashdi.
Nayjel Li o‘z nutqida Singapurning daromadi past mamlakatdan yuqori rivojlangan iqtisodiyotga aylanish jarayonini tahlil qilib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Li Kuan Yuning pragmatik yetakchiligi, iqtisodiy ochiqlik, inson kapitaliga sarmoya kiritish va davlat institutlarining samaradorligi muvaffaqiyatning asosiy omillari bo‘lgan.
Ma’ruzachi multikulturalizmning barqarorlikni ta’minlashdagi o‘rni, korrupsiyaga qarshi kurash siyosati, meritokratiya va “o‘z kuchiga tayanish” tamoyili asosidagi mudofaa masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, bu choralar milliy birlikni va institutlarga bo‘lgan ishonchni mustahkamlagan.
O‘zbekiston bilan parallellar o‘tkazar ekan, ma’ruzachi tarixiy sharoitlardagi farqlarga qaramay, Singapur modelining asosiy tamoyillari — kuchli institutlar va sifatli boshqaruv Yangi O‘zbekistonning yanada barqaror rivojlanishi uchun foydali bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.




