JIDUda “O‘zbek tilim – iftixorim!” shiori ostida videoroliklar hamda monologlar tanlovlari o‘tkazildi

JIDUda “O‘zbek tilim – iftixorim!” shiori ostida videoroliklar hamda monologlar tanlovlari o‘tkazildi

    JIDUda “O‘zbek tilim – iftixorim!” shiori ostida videoroliklar hamda monologlar tanlovlari o‘tkazildi

    JIDUda “O‘zbek tilim – iftixorim!” shiori ostida videoroliklar hamda monologlar tanlovlari o‘tkazildi

    O‘zbek tili – xalqimizning tarixiy xotirasi, milliy tafakkuri va ma’naviy dunyosini o‘zida mujassam etgan bebaho qadriyatdir. Uning boy lug‘at tarkibi, betakror badiiy imkoniyatlari va asrlar davomida shakllangan adabiy an’analari milliy madaniyatimizning ajralmas qismidir. Bugungi globallashuv sharoitida yosh avlodni milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, shuningdek, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari uchun o‘zbek tilini puxta egallash nafaqat ma’naviy ehtiyoj, balki kelajakdagi kasbiy faoliyatning ham muhim tarkibiy qismidir. Zero, xalqaro muloqotda fikrni aniq ifodalash, milliy madaniyatni munosib namoyon etish va turli xalqlar o‘rtasida madaniy aloqalarni rivojlantirish til imkoniyatlaridan samarali foydalanishni taqozo etadi. Shu jihatdan, o‘zbek tilini ijodiy yondashuv va zamonaviy media vositalari orqali targ‘ib qilish yoshlarning tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, milliy qadriyatlarimizning xalqaro miqyosda e’tirof etilishiga ham xizmat qiladi.

    Joriy yilning 19-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 37 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar oyligi doirasida “O‘zbek tilim – iftixorim!” nomli ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Universitetda tashkil etilgan ushbu tantanali kechada professor-o‘qituvchilar, xodimlar va iqtidorli talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbirning asosiy maqsadi talaba-yoshlar qalbida ona tiliga bo‘lgan cheksiz ehtirom va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlash, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini yuzaga chiqarishdan iborat bo‘ldi.

    Tadbir doirasida universitetning iqtidorli talabalari ishtirokida “O‘zbek tili – dunyo sahnasida” videoroliklar tanlovi hamda “Jahon adabiyoti durdonalari o‘zbekcha talqinda” monologlar bellashuvi o‘tkazildi. G‘oliblarni aniqlashda yuzga yaqin ishtirokchi tomonidan taqdim etilgan ijodiy ishlar belgilangan mezonlar asosida baholandi. Videoroliklar tanlovida o‘zbek tilining badiiy jozibasi, boy ifoda imkoniyatlari va xalqaro miqyosdagi ahamiyatini yoritish darajasiga alohida e’tibor qaratildi.

    Shuningdek, monologlar bellashuvida jahon adabiyotining nodir namunalari o‘ziga xos badiiy talqin va sahna mahorati bilan namoyon etildi. Ishtirokchilar Iogann Volfgang Gyotening “Faust”, Sergey Yeseninning “Fors taronalari”, Uilyam Shekspirning “Romeo va Julyetta” hamda “Hamlet”, Aleksandr Pushkinning “Yevgeniy Onegin” kabi mumtoz asarlaridan parchalarni asl matn  va o‘zbekcha tarjimada ijro etdilar. Xususan, o‘zbek tilidagi talqinlarda Erkin Vohidov, Maqsud Shayxzoda va Mirzo Kenjabek tarjimalariga murojaat qilindi.

    Ikki tilda yangragan monologlar orqali jahon adabiyotining betakror badiiy olami, so‘z qudrati va tarjima san’atining nozik jihatlari namoyon bo‘ldi. Ishtirokchilarning chiqishlari asar mazmunini teran anglash, qahramonlar ruhiyatini ta’sirchan ifodalash, asl matn va tarjima o‘rtasidagi badiiy uyg‘unlikni yetkazish, shuningdek, talaffuz va sahna ijrosi mahorati mezonlari asosida baholandi. Tanlov jahon adabiyoti durdonalarini ona tilimizda ijro etish orqali o‘zbek tilining badiiy imkoniyatlarini namoyish etish uchun keng ijodiy maydon bo‘ldi.

    Tanlovlar talabalarning ijodiy salohiyati, nutq mahorati va badiiy tafakkurini namoyish etish uchun imkoniyat yaratdi. Ishtirokchilar o‘z chiqishlari orqali ona tilimizning ifoda imkoniyatlarini ochib berish, uning jozibasini namoyon etish hamda adabiy merosga bo‘lgan qiziqishlarini ifodalashga intildilar. Mazkur tashabbuslar yoshlarning davlat tiliga hurmatini mustahkamlash, o‘zbek tili va adabiyotini keng targ‘ib qilish, shuningdek, milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligini namoyon etishga xizmat qildi.

    Ushbu tantanali tadbir universitet jamoasi va talaba-yoshlarda ona tilimizning buyuk va bebaho qadr-qimmatini anglash, milliy g‘urur hamda mas’uliyat tuyg‘ularini yanada kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.