
Inson huquqlari va Konstitutsiyaviy islohotlar: JIDUda XVIII yillik talabalar ilmiy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
Inson huquqlari va Konstitutsiyaviy islohotlar: JIDUda XVIII yillik talabalar ilmiy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

Joriy 2025-yilning 20-dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Yuridik klinikasida o‘ziga xos ilmiy an’anaga aylangan XVIII yillik talabalar ilmiy konferensiyasi o‘z ishini boshladi. Joriy yilgi anjuman Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan kun hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligiga bag‘ishlandi.
JIDU “Xalqaro huquq” fakulteti dekani S.A.Muratayev, “Xalqaro huquq va ommaviy huquq fanlari” kafedrasi mudiri N.R.Kadirova hamda Yuridik klinika rahbari Z.S. Ubaydullayev so‘zga chiqib, bo‘lajak huquqshunoslarning ilmiy salohiyatini oshirish hamda nazariya va amaliyot integratsiyasini ta’minlashda ushbu platformaning ahamiyatini ta’kidladilar.
Konferensiya ishiga moderatorlar sifatida tajribali mutaxassislar — “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari” kafedrasi dotsenti I.A. Cherkashina va “Xalqaro huquq” fakulteti 4-bosqich talabasi S. Shamuratova rahbarlik qilishdi.
XVIII ilmiy konferensiya o‘zining mavzular ko‘lami va tahliliy chuqurligi bilan ajralib turdi. Talabalar tomonidan o‘zbek, ingliz va rus tillarida tayyorlangan 16 ta ilmiy ma’ruzada bugungi kunning eng o‘tkir huquqiy va ijtimoiy muammolari tahlil qilindi.
Xususan, quyidagi yo‘nalishlar konferensiya ishtirokchilari e’tiborini tortdi:
Inson huquqlari va Xalqaro standartlar: Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining yuridik kuchi va Osiyoda mintaqaviy inson huquqlari mexanizmini yaratish istiqbollari (Asia toward establishing a regional human rights protection mechanism).
Raqamli texnologiyalar va Huquq: Sun’iy intellekt davrida insonni konstitutsiyaviy himoya qilish, O‘zbekiston iqtisodiyotining raqamli transformatsiyasi hamda genderga asoslangan raqamli zo‘ravonlik muammolari.
Ijtimoiy himoya va Inklyuzivlik: Nogironlikning ijtimoiy modeli, ruhiy xastaligi bor shaxslar huquqlari hamda milliy ozchiliklar himoyasi.
Klinik ta’lim va Amaliyot: JIDU Yuridik klinikasi ishonch bildiruvchilarining aniq keyslari asosida meros huquqi muammolari va ekologik huquqning amaliy ko‘nikmalarini o‘rganish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Yoshlar va Jamiyat: Bolalar mehnati (Juvenile Justice), Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish takliflari hamda Yuridik klinikaning “Qaldirg‘och” loyihasining yoshlar o‘rtasida zo‘ravonlikning oldini olishdagi o‘rni e’tirof etildi.
Konferensiya yakunida so‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, “Matndan haqiqatga” tamoyili asosida ilgari surilgan ilmiy takliflar nafaqat nazariy ahamiyatga ega, balki ularning aksariyati JIDU Yuridik klinikasi faoliyatida bevosita qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan. Ayniqsa, global raqobat sharoitida O‘zbekistonning JSTga (WTO) a’zo bo‘lishi bilan bog‘liq iqtisodiy va huquqiy xatarlar tahlili mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi.
XVIII yillik konferensiya yakunida faol ishtirok etgan va eng yaxshi takliflarni ilgari surgan talabalar maxsus sertifikat bilan taqdirlandilar.



