
JIDUda Ispaniya elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
JIDUda Ispaniya elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2026-yil 12-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga Ispaniya Qirolligining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Rikardo Martines Vaskes tashrif buyurdi. Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqot davomida tomonlar O‘zbekiston Respublikasi va Ispaniya Qirolligi o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildilar. O‘zbekiston-Ispaniya hamkorligi o‘zaro hurmat, ishonch va konstruktiv muloqot asosida rivojlanib, barqaror ijobiy o‘sish sur’atini namoyon etayotgani ta’kidlandi.
Siyosiy muloqot va parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, jumladan, parlament do‘stlik guruhlari faoliyatini yuritish, parlament delegatsiyalari almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda tegishli qo‘mitalar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, ikki davlat universitetlari o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, xususan, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, talaba va o‘qituvchilarning akademik almashinuvini tashkil etish, shuningdek, qo‘shma ilmiy anjumanlar va tadqiqot loyihalarini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidlab, O‘zbekiston-Ispaniya sherikligini hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.




