
JIDUda Italiya elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
JIDUda Italiya elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2026-yil 6-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyevning Italiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Gvido De Sanktis bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston–Italiya munosabatlarini rivojlantirishning dolzarb masalalari, xususan, parlamentlararo aloqalar, akademik hamkorlik hamda ikki mamlakat ilmiy-ta’lim muassasalari o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
S.Safoyev O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi munosabatlar barqaror ijobiy dinamika va yuqori darajadagi siyosiy ishonch bilan tavsiflanishini qayd etdi. Muntazam siyosiy muloqot va faol parlamentlararo hamkorlik, jumladan, parlament do‘stlik guruhlari faoliyati va parlament delegatsiyalari almashinuvi orqali ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
JIDU va Italiyaning yetakchi universitetlari o‘rtasidagi akademik hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Universitet Italiyaning bir qator oliy o‘quv yurtlari, jumladan, Bolonya, Perudja va Siena universitetlari bilan akademik almashinuv, til o‘rgatish va ilmiy hamkorlik dasturlarini amalga oshirib kelayotgani qayd etildi. Italiya elchisi JIDUning akademik salohiyatini yuqori baholab, ikki mamlakat universitetlari o‘rtasida ta’lim va ilmiy aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Bundan tashqari, davlat boshqaruvi, xalqaro munosabatlar va iqtisodiy diplomatiya sohalarida qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish imkoniyatlari, shuningdek, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va ekspert tadbirlarini o‘tkazish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar siyosiy, ta’lim va ilmiy-tahliliy sohalarda O‘zbekiston–Italiya hamkorligini yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.




