
JIDU talabalari uchun Tashqi ishlar vazirligining Vatandoshlar bilan hamkorlik masalalari bo‘limi boshlig‘i tomonidan mahorat darsi tashkil etildi
JIDU talabalari uchun Tashqi ishlar vazirligining Vatandoshlar bilan hamkorlik masalalari bo‘limi boshlig‘i tomonidan mahorat darsi tashkil etildi

Joriy yilning 19-dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Xalqaro munosabatlar fakulteti 1-bosqich talabalari uchun “Siyosatshunoslik” fani doirasida Tashqi ishlar vazirligining Vatandoshlar bilan hamkorlik masalalari bo‘limi boshlig‘i Muhamedjonov Azim Baxtiyorovichning “Xorijdagi vatandoshlar bilan o‘zaro aloqalar va O‘zbekiston Respublikasi TIVning ularni qo‘llab-quvvatlashga doir faoliyati” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi.
Ma’ruzada Azim Muhamedjonov Tashqi ishlar vazirligining tuzilishi va faoliyati haqida batafsil ma’lumot berib, Xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlik masalalari bo‘limi faoliyatini yoritdi, hamda bugungi kunda bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, u xorijdagi vatandoshlarimizning manfaatlarini himoya qilish davlatimiz siyosatining ustuvor yo’nalishi ekanligini ta‘kidlab, xorijdagi fuqarolarimizning murojaatlarini ko‘rib chiqish, ularga ko‘rsatilayotgan huquqiy va konsullik yordam, zarur hollarda ularni vatanimizga qaytarish masalalariga alohida to’xtalib o‘tdi.
Bundan tashqari, asrlar davomida shakllangan milliy qadriyat va an’analarimizdan xorijdagi vatandoshlarimizni barhamand qilish maqsadida Tashqi ishlar vazirligi tomonidan chet davlatlardagi elchixonalarimizda madaniyat kunlari tashkil qilinib kelmoqda. Shu bilan birga, Azim Muhamedjonov milliy o‘zligimizni anglash va o‘zbek tilini yanada keng targ‘ib qilish uchun xorijdagi vatandoshlarimiz farzandlariga o‘zbek maktablari ochilganligini ta’kidlab o’tdi.
Mazkur uchrashuv talabalar uchun nazariy bilimlarni amaliy misollar bilan boyitish imkoniyatini berdi. Bunday tadbirlar universitetning davlat idoralari bilan hamkorligini yanada mustahkamlashga, shuningdek Xalqaro munosabatlar va Siyosatshunoslik sohasidagi bo’lajak mutaxassislarga kasbiy tayyorgarligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
| Sana: | 20.12.2025 |
| Ko'rganlar soni: | 77 |
| Ulashish: |



