
JIDUda “Nazm bo‘stonida” mushoirasi bo‘lib o‘tdi
JIDUda “Nazm bo‘stonida” mushoirasi bo‘lib o‘tdi

Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur merosini targ‘ib etish, mumtoz adabiyotga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish hamda talaba-yoshlarning ifodali o‘qish va nutq madaniyatini rivojlantirish maqsadida 2026-yil 9-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbek va rus tillari kafedrasi tashabbusi bilan Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligiga bag‘ishlangan “Buyuk ajdodlarga ehtirom” shiori ostida o‘tkazilayotgan tadbirlar oyligi doirasida “Eng faol g‘azalxon” she’riy bellashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu bellashuvda professor-o‘qituvchilar, Xalqaro iqtisodiyot va menejment, Xalqaro munosabatlar va Xalqaro huquq fakulteti talabalari va JIDU akademik litseyi o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbek va rus tillari kafedrasi dotsenti Shoira Narmatova kirish nutqi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunlari munosabati bilan o‘tkazilayotgan mushoira va g‘azalxonlik bellashuvining mazmun-mohiyati hamda asosiy talablari haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, bunday bellashuvlarni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlar orasida mumtoz adabiyotga bo‘lgan qiziqishni oshirish, buyuk ajdodlarimiz ijodiy merosidan xabardorlikni kuchaytirish hamda badiiy-estetik did va nutq madaniyatini rivojlantirishdan iborat ekanini alohida ta’kidladi.
Bellashuv davomida talabalar g‘azal va ruboiylar bo‘yicha chuqur bilimga ega ekanliklarini namoyon etdilar. Ishtirokchilar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur she’riyatidan o‘qilgan parchalar orqali talaffuzning aniqligi, urg‘u va ritmning mukammalligi, she’r mazmuni, asosiy g‘oya hamda ramziy ma’nolarni anglash darajasini, pauza va ohangning mantiqiy hamda estetik jihatdan to‘g‘ri qo‘llanishini amalda ko‘rsatdilar. Shuningdek, baytlar orasidagi kayfiyat va ruhiy holatdagi o‘zgarishlarni ifodalay olish hamda tinglovchiga kuchli estetik ta’sir ko‘rsatish mahorati ishtirokchilarning asosiy baholash mezonlari sifatida e’tiborga olindi. Ushbu ko‘rsatkichlar asosida hakamlar hay’ati tomonidan talabalar uch bosqichida sinovdan o‘tkazildi. “Eng faol g‘azalxon” she’riy bellashuvi yakunida baholash natijalariga ko‘ra eng yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar g‘olib deb topildi.
Tadbir yakunida O‘zbek va rus tillari kafedrasi mudiri, dotsent M.Abduraxmanova so‘zga chiqdi. U o‘z nutqida xalqaro maydonda faoliyat yuritadigan bo‘lajak mutaxassislar milliy tariximiz, ona tilimiz hamda buyuk allomalarimizning boy adabiy-ilmiy merosini chuqur o‘rganib, puxta bilimga ega bo‘lishlari muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi. Xususan, buyuk mutafakkirlar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarini muntazam mutolaa qilish, ularning g‘oyaviy-badiiy olamini anglash yoshlarning ma’naviy barkamolligi, keng dunyoqarashi va kasbiy yetukligini belgilovchi asosiy mezonlardan biri ekanini qayd etdi.
“Nazm bo‘stonida” nomli she’riyat bellashuvi bayramona ruhda, samimiy va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi, bu esa ishtirokchilarda mumtoz adabiyotga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qildi.




