
JIDUda Tobias A. Stüdemann tomonidan xalqaro hamkorlik strategiyalariga bag‘ishlangan master-klass o‘tkazildi
JIDUda Tobias A. Stüdemann tomonidan xalqaro hamkorlik strategiyalariga bag‘ishlangan master-klass o‘tkazildi

Joriy yilning 11-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Oliy ta’limda xalqaro hamkorlik strategiyalari” mavzusida master-klass mashg‘uloti o‘tkazildi. Mazkur mashg‘ulotni Berlin erkin universiteti Sharqiy Yevropa bo‘yicha aloqa ofisi direktori janob Tobias A. Stüdemann olib bordi. Unda JIDUning PhD talabalari, professor-o‘qituvchilari hamda ma’muriy xodimlari ishtirok etdi.
Ushbu ma’ruzadagi asosiy maqsad ishtirokchilarga xalqaro hamkorlikning institutsional tamoyillari, aniq maqsadlarni belgilash zarurati hamda ta’lim muassasasining ichki salohiyatini aniqlash va rivojlantirish orqali global hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha kompleks tasavvur berishdan iborat bo‘ldi.
Stüdemann janoblari o‘z ma’ruzasida Berlin Erkin Universitetining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi hamkorlari bilan ko‘p yillik tajribasiga asoslangan yondashuvlarni bo‘lishdi. U xalqaro hamkorlarni tanlashda qo‘llaniladigan mezonlar, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning samarali usullari hamda qo‘shma loyihalarni kengaytirish bo‘yicha amaliy qadamlar haqida so‘zlab berdi.
Master-klass davomida xalqaro bo‘limlarning global strategiyalarni shakllantirishdagi roli, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlarni boshlash jarayonlari hamda bu boradagi zamonaviy tendensiyalar atroflicha muhokama qilindi.
Tadbir davomida hamkor tashkilotlarni tanlash bo‘yicha amaliy misollar, uzoq muddatli xalqaro loyihalardan olingan tajribalar hamda bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari duch kelayotgan global chaqiriqlar va imkoniyatlar haqida fikr almashildi.
Mashg‘ulot yakunida ishtirokchilar janob Stüdemann bilan ochiq muloqot olib borib, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, institutsional strategiya ishlab chiqish va istiqboldagi sheriklik loyihalariga oid savollariga batafsil javob oldilar.




