
JIDUda Shht ayollar ovozi: jamiyatdan xalqaro maydon sari ayollar forumi tashkil qilindi
JIDUda Shht ayollar ovozi: jamiyatdan xalqaro maydon sari ayollar forumi tashkil qilindi

2026-yil 8-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Shanxay hamkorlik tashkilotining 25 yilligi munosabati bilan Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti hamkorligida “SHHT ayollar ovozi: jamiyatdan xalqaro maydon sari” mavzusida ayollar forumi tashkil etildi.
Forumda senatorlar, Yoshlar parlamenti aʼzolari, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Pokiston va Hindistonning davlat, ilmiy va jamoatchilik sohasi, universitet talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni SHHT Bosh kotibi o‘rinbosari Piao Yanfan xonim videomurojaati bilan ochib berdi.
Forum davomida ayollarning ilmiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, yosh olima va tadqiqotchilarning xalqaro ilmiy hamkorlikdagi ishtirokini kengaytirish, ilm-fan, taʼlim va innovatsiyalar sohasida tajriba almashishni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Turli mavzularda bo‘lib o‘tgan sessiyalarda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlash, taʼlim va ilmiy faoliyatdagi imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar yuzasidan fikr almashildi.
Forum doirasida O‘zbekistondagi Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi va Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandum xalqaro va mintaqaviy miqyosda yoshlar o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish hamda SHHT makonida tinchlik, bag‘rikenglik g‘oyalari va fuqarolik faolligini targ‘ib etish masalalarini nazarda tutadi.
Forum yakunida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi raisi professor E. Sultanova so‘zga chiqib, bildirilgan fikr va takliflarni umumlashtirdi. U o‘z nutqida xotin-qizlarning ilm-fan, ta’lim, innovatsiyalar hamda xalqaro hamkorlikdagi o‘rnini yanada mustahkamlash, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslarning ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, forum doirasida bildirilgan takliflar kelgusida xotin-qizlarning jamiyat va xalqaro maydondagi faolligini oshirishga xizmat qilishi, SHHT makonida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish va tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.



