Xalqaro iqtisodiyot va menejment

Xalqaro iqtisodiyot va menejment

    Dekan murojaati

    Abdullayev Elbek Erkinovich

    Abdullayev Elbek Erkinovich

    Hurmatli talabalar!

    Har bir avlodning o‘z sinovi, o‘z imkoniyati, o‘z zamoni bor. Siz esa o‘zgarayotgan dunyoning markazida turibsiz. Global iqtisodiyotning ritmi tezlashgan, raqobat keskinlashgan, innovatsiyalar yangi ufqlarni ochayotgan bir pallada sizning qadamlaringiz yanada muhim ahamiyat kasb etadi.

    Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti ana shu jarayonlarda faol, dunyoqarashi keng, yangilik yaratishga tayyor bo‘lgan yoshlar uchun yaratilgan zamindir.

    Bu yerda siz faqat taʼlim olmaysiz balki kelajakdagi rol modelingizni yaratib borasiz. Zamonaviy iqtisodiyotning murakkab mexanizmlarini tushunasiz, menejment va global biznesning nozik jihatlarini o‘zlashtirasiz, tahliliy fikrlash va strategik qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirasiz.

    Fakultetimizdagi har bir dars, har bir loyiha, har bir tashabbus sizni bir pog‘ona yuqoriga olib chiqish uchun mo‘ljallangan. Tajribali professor-o‘qituvchilar, amaliyot dasturlari, xalqaro hamkorlik va real sektor bilan aloqalar sizning intilishlaringizni qo‘llab-quvvatlaydi.

    Biz sizda kuch borligini bilamiz. Sizning innovatsion fikrlaringiz, tashabbuslaringiz va intilishingiz ertangi iqtisodiyotning yangi sahifasini yaratadi.

    Bizning vazifamiz esa ushbu yo‘lda sizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishdan iborat.

    Hurmat bilan,

    "Xalqaro iqtisodiyot va menejment" fakulteti dekani

    Tarix

    Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti 1995 yil 23 oktyabrda tashkil etilgan. Fakultetning asosiy maqsadi – Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirliklari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi elchixonalari va respublikamizning xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda faoliyat yurituvchi barcha tashkilotlari uchun xalqaro va mintaqaviy iqtisodiyot, moliya, marketing, menejment va iqtisodiy diplomatiya yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashdan iborat. Bugungi kunda u Oʻzbekistondagi xalqaro iqtisodiyot sohasidagi eng yirik oʻquv va tadqiqot boʻlimlaridan biri hisoblanadi.

    “Xalqaro iqtisodiyot va menejment” fakulteti boshidanoq “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar (mintaqalar va faoliyat turlari bo‘yicha)” yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavrlar tayyorlab kelmoqda. 2000 yilda magistratura yo‘nalishi tashkil etilgan bo‘lsa, 2015 yildan boshlab fakultetda “Jahon iqtisodiyoti” va “Tashqi iqtisodiy faoliyat” yo‘nalishlari bo‘yicha magistrlar tayyorlanmoqda. O'qish muddati bakalavrlar uchun - 4 yil, magistrlar uchun - 1 yil. Ushbu fakultet talabalari davlat muassasalarida ham, xususiy sektor tuzilmalarida ham yetakchi lavozimlarni egallashadi.

    Ta’lim yo’nalishi

    “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar” yo’nalishidagi bakalavr quyidagi fundamental va maxsus tayyorlov ko’rinishadagi professional faoliyatlarni amalga oshira oladi:

    • amaliy faoliyatlar doirasida: Tashqi ishlar vazirligida attashe, referent va inspektor, Tashqi savdo vazirligida iqtisodchi ekspert, qo’shma korxonalarda xalqaro iqtisodchi, menejer va marketolog;
    • tashkiliy-boshqaruv faoliyatlari doirasida: qimmatbaho qog’ozlar mutaxassisi, moliyaviy va bankka oid tashkilotlar dilleri, buxgalter, auditor;
    • ilmiy tadqiqot ishlari doirasida: zamonaviy xalqaro iqtisodiy munosabatlar bo’yicha asosiy muammolarni o’rganishga oid materiallarni tahlil qilish va tayyorlash.

    O’qitish uslublari

    O’qitish jarayonida eng samarali zamonaviy pedagogik texnologiyalar, shuningdek, an’anaviy uslublardan foydalaniladi. Darslar Respublikaning malakali mutaxassislari va professor-o’qituvchilari tomonidan olib boriladi.

    Bitiruvchilar

    Fakultet tashkil topganidan buyon “Jahon iqtisodiyoti va хalqaro iqtisodiy munosabatlar” yo’nalishi bo’yicha 1000 dan ortiq mutaxassislar tayyorlangan.

    Ushbu o’quv yilida magistratura yo’nalishida 39 ta, bakalavriatura yo’nalishi bo’yicha 471 ta talaba tahsil olmoqda. Ushbu sohaning asosiy fanlari: jahon iqtisodiyoti, xalqaro iqtisodiy munosabatlar, xalqaro iqtisodiy integratsiya, moliya, xalqaro valyuta-kredit munosabatlari, xalqaro biznes strategiyalari, strategik menejment, marketing.

    Ushbu yo’nalish doirasida quyidagi tashkilotlar uchun maxsus tayyorlov ko’zda tutiladi: diplomatik va tashqi iqtisodiy faoliyat olib boradigan davlat  maussasalari, xalqaro hukumatlararo va nodavlat tashkilotlar, xalqaro moliyaviy institut va bank muassasalari hukumati, shuningdek, tashqi savdo faoliyatini olib boradigan tashkilotlar va kompaniyalar.

    Hozirgi kunda  fakultetda “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlari” kafedrasi,  «Xalqaro moliya va investitsiya» kafedrasi,  «Xalqaro iqtisodiyot» kafedrasi, «Tizimli tahlil va matematik modellashtirish» kafedralari faoliyat olib bormoqda.