
Xalqaro huquq fakulteti talabalari — ilm, ijod va xalqaro maydonda yuksak natijalar sari
Xalqaro huquq fakulteti talabalari — ilm, ijod va xalqaro maydonda yuksak natijalar sari

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro huquq fakulteti talabalari tomonidan erishilayotgan yutuqlar ularning ilmiy, amaliy va ijodiy salohiyati yuksalib borayotganini yaqqol namoyon etmoqda. 2-bosqich talabasi Ruxsora Anorboyevaning Alisher Navoiy asarlarida umuminsoniy qadriyatlar yoritilgan ilmiy maqolasi nufuzli konferensiya to‘plamida nashr etildi. Shuningdek, 2-bosqich talabasi Quvonchov Jahongir Toshkent shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston–Xitoy biznes forumida faol ishtirok etib, xalqaro hamkorlik jarayonlarida universitet yoshlarining faolligini namoyon etdi. 4-bosqich talabasi Javohir Qudratovning xalqaro shartnomalar huquqi manbalariga bag‘ishlangan ilmiy maqolasi chop etilib, unda xalqaro huquqning asosiy manbalari va ularning o‘zaro bog‘liqligi tahlil qilindi.
Talabalarimiz ijodiy va xalqaro maydonda ham muvaffaqiyat qozonmoqda. Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Giyohvandlik – umr zavoli” shiori ostida o’tkazilgan sahna bellashuvda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Diplomat” teatr jamoasi yuksak mahorat, ijodiy yondashuv hamda dolzarb ijtimoiy muammoni chuqur yoritib bergani uchun faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, universitetimiz Willem C. Vis Moot jamoasi 2026-yil 2–6-mart kunlari Ostona shahrida o‘tkazilgan “6th IAC Vis Pre-Moot” xalqaro musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etib, Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida kuchli to‘rtlikdan joy oldi. Ushbu natija orqali jamoa MNU, AUCA va Caspian universitetlari bilan bir qatorda mintaqaning yetakchi jamoalari safidan o‘rin egallab, O‘zbekistonning eng kuchli jamoasi sifatida e’tirof etildi.
Bundan tashqari, talabalar ekologik tashabbuslarda faol qatnashib, plogging aksiyasi orqali atrof-muhitni muhofaza qilishga hissa qo‘shdilar hamda BMT dasturlari doirasidagi treninglarda ishtirok etib, kiberxavfsizlik bo‘yicha bilimlarini mustahkamlashdi. Ijodiy yo‘nalishda ham yutuq qayd etilib, 1-bosqich talabasi Raxmonova Maxliyoning ingliz tilidagi she’rlari xalqaro badiiy to‘plamda nashr etildi.
Mazkur natijalar talabalarimizning har tomonlama rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Ularni ushbu yutuqlari bilan samimiy tabriklab, kelgusida yanada ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!




